Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Universitet oʻz nomiga munosib boʻlishi kerak

21.04.2020, 13:32 Ilmiy faoliyat yangiliklari, Yangiliklar 3391

M u n o s a b a t 

Oʻzbekistonning Sharq mamlakatlari bilan aloqalari tobora rivojlanib borayapti. Shu bois sharq tillarini puxta oʻzlashtirgan, ushbu mamlakatning tarixi va madaniyati, siyosati, iqtisodi, dini, falsafasi boʻyicha kompleks bilimlarga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.

1991-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tashkil etilishi bu sohaning taraqqiy topishi, bir qator ilmiy va taʼlim yoʻnalishlarini kengaytirishga koʻmak berdi.

Ayni paytda ushbu oliy taʼlim muassasasida yettita taʼlim yoʻnalishi va ularga tegishli 12 magistratura mutaxassisligi doirasida hozirgi zamon sharqshunosligining turli sohalari boʻyicha dolzarb, kompleks muammolarni hal qilishga moʻljallangan milliy kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan. Asosiy eʼtibor tillarni mukammal bilish bilan bir qatorda, Yaqin, Oʻrta va Uzoq Sharq, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniyati, tarixi, falsafasi, iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy jarayonlari, xalqaro siyosati haqida teran va chuqur nazariy bilimga ega boʻlgan zamonaviy sharqshunoslarni tayyorlashga qaratilgan.

Xoʻsh, institut buni qay darajada eplayotgan edi?

Sohada xalqaro standartlar boʻyicha oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-pedagogik salohiyatni muttasil oshirish, kadrlarni maqsadli tayyorlash, taʼlim jarayonida oʻquv-uslubiy va axborot taʼminotini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani yangilashda oʻz yechimini kutayotgan muammolar bor edi.

Prezidentimizning joriy yil 16-apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash imkoniyatini yaratadi.

Endilikda kamida ikkita xorijiy tilni oʻzlashtirgan, fundamental asosda tayyorgarlikdan oʻtgan sharqshunoslarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Sharqshunoslikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bilan birga, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati va pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirish koʻzda tutilmoqda.

Ushbu hujjat Sharqshunoslik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini sifat jihatidan tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida oʻquv, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, taʼlim-tarbiya, xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarida rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari ishlab chiqilgan. Taʼlim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshiriladi. Pedagoglar uchun doimiy qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari boʻyicha texnikumlar ochilib, “Sinxron tarjima laboratoriyasi”, “Multimediya markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilmasi bilan taʼminlash belgilangan.

Taʼkidlash joizki, ushbu qarorda universitetning ilmiy faoliyat, ilmiy salohiyatini oshirish, sharqshunos kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada ham qator maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Xususan, universitetning ilmiy salohiyatini bosqichma-bosqich 2023-yilga qadar 55 foizga oshirish, shu maqsadda universitet doktoranturasiga qabul kvotasini 20 taga yetkazish, yangi ixtisosliklar boʻyicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish rejalashtirilayapti.

Universitet tarkibida Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani alohida eʼtiborga molik.

Bunda Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markaziga sharq xalqlarining madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni har tomonlama chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yurtimiz qadriyatlari va milliy madaniy merosimizni dunyo miqyosida targʻib etish vazifasi yuklatilmoqda.

Umuman olganda, qaror bilan muassasamizga universitet maqomi berilishi sharqshunos kadrlar uchun dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan xorijiy oʻquv va ilmiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, oʻzaro diplomlarni eʼtirof etish va baholash tizimlaridagi tafovutlarni muvofiqlashtirish kabi qulay imkoniyatlarni ham yaratadi.

Nodir ABDULLAYEV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
prorektori, siyosiy fanlar nomzodi