ABDULLA QODIRIY XITOY ELIDA
Bugun 10 aprel ma’rifatparvar ijodkor, tengi yo‘q iste’dod egasi, o‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy tavallud kunini yurtimiz adabiyot ahllari qutlug‘ to‘yona bilan qarshilamoqda.
Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani xitoy tiliga tarjima qilinib 2000 nusxada Xitoyda chop etildi.
Bu o‘zbek adabiyoti durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilish orqali xalqimiz madaniyati va merosini jahonga tanitishga qaratilgan faoliyatning muhim bir natijasi deyish mumkin.
Ushbu kitob tarjimasi Toshkent davlat sharqshunoslik institutining doimiy hamkori bo‘lgan Xitoyning Lanjou universiteti chet tillar instituti dosenti Di Syaosya xonim tomonidan ikki yillik mehnat samarasidir.
Di Syaosya bu mashaqqatli ishni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy institutida xitoy tomonidan direktor lavozimida ishlagan paytda boshlagan bo‘lib, mazkur institut va Xitoy filologiyasi kafedrasi ustozlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan edi.
Di Syaosya o‘z ishiga nihoyatda talabchan, tarjimashunoslik bo‘yicha chuqur bilimga ega mutaxassis bo‘lishi barobarida O‘zbekistonni, o‘zbeklarni qattiq hurmat qilgani hamda bu yerdagi hayoti davomida kuzatgan va o‘rganganlari qo‘l kelib, ushbu murakkab ishni oxiriga yetkazdi va kitobni chop etishga muyassar bo‘ldi.
Ushbu tarjima asar Abdulla Qodiriy bobomizning tug‘ilgan kunlarida u kishining ko‘p sonli muxlislari, ayniqsa, “O‘tgan kunlar” romanining muhiblari uchun katta armug‘on bo‘ldi.
TDSHI MATBUOT XIZMATI