Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Davlat gerbi – milliy yuksalish mujassam ulugʻvor Vatan timsoli

02.07.2020, 15:55 Yangiliklar 6596

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”. Bu ulugʻvor gʻoya bugun yangi Oʻzbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Inson ulugʻ gʻoya va daʼvatlardan kuch oladi, ularga qarab qaddini rostlaydi, ularga mos ravishda oʻktam qadam tashlashga intiladi. Tiklanishsiz yuksalish boʻlmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat, nurafshon kelajak boʻlmaydi. Ana shu maʼnoda Davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona yengib oʻtishda, har kun, har lahza gʻurur va matonat bilan milliy yuksalish qadam tashlashda betimsol qudrat va bunyodkorlik baxsh etmoqda.

Vatan surati! Ulugʻ mehr, ulugʻvor niyat ila muhabbat moʻyqalami bilan chizilgan, gʻurur-iftixor ranglari jo boʻlgan, qalb olami usiz huvillab qoladigan betimsol, bemisl suratki, u davlat bayrogʻimiz, gerbimiz, madhiyamiz, oʻzbek tili siymosida avvalo oʻzimizni oʻzimizga, shuningdek, dunyoga tanitadi.

2-iyul – Oʻzbekiston fuqarolari uchun qadrli va unutilmas kunlardan biri: bundan 28 yil muqaddam ayni shu kunda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Demak, Davlat gerbi – xalqning erki, baxti, gʻururi, oʻzligi timsoli. Shunday timsolki, har qaraganda, xalqu Vatan tarixi, buguni, kelajagi bilan bogʻliq orzu-intilishlaringga quvvat, qudrat olasan goʻyo. Qorachigʻingga Vatan ramzida jo boʻladi, unga hatto gard tushsa ham, koʻzing yoshlanadi, diling vayron boʻladi.

Har safar Davlat gerbimizga qaraganimda, ustoz shoir Abdulla Oripovning barchamizga sevimli “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼrlari beixtiyor yodga tushadi.

Togʻlar, daryolar va soʻl tomoni bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochmoqda. Biz Vatanni goʻzalligu boyliklari koni boʻlgan togʻu dashtlari, daryolari uchun sevamizmi yoki oltin boshoqlari, oppoq paxtalari muhabbatimizga sababmi? Balki, toʻrt faslimizni ham munavvar, serob etgan quyoshi qalbimizga mehr nurlarini yogʻdirar?.. Shoir fikrlashga chorlagani kabi:

Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,

Tuprogʻin koʻzimga aylab toʻtiyo.

Nechun vatan, deya yeru osmonni

Muqaddas atayman, atayman tanho.

Aslida dunyoda tanho nima bor?

Paxta oʻsmaydimi oʻzga elda yo?

Yoki quyoshimi sevgimga sabab?

Axir quyoshliku, butun Osiyo…

Bu savolning javobi qalbni ulgʻaytirgan, maʼnaviy ganjinalar bilan boyitgan, insonni oʻz vatanidagina baxtiyor etgan tuygʻularda yaraqlaydiki, ifodasiga soʻz tanlayverasiz, tanlayverasiz! Balki, Vatanni soʻzsiz, dil bilan sevmoqning maʼnosi shundandir.

Gerbimizda tasvirlangan har bir timsol dilga tutash, ular mohiyatidagi maʼno, hikmat, mehr qalbimizda sayqallanib boraveradi. Savlat toʻkib turgan magʻrur togʻlar shunchaki togʻ emas, ular mardligu jasorat, Vatan muhabbatiga sadoqat bobida bashariyatga ibrat boʻlib qolgan ajdodlarimiz ramzi. Bu togʻlar— kuchni adolat tarozusi bilan oʻlchagan Sohibqiron Amir Temur, Sind daryosi boʻyida mardligu shijoati bilan Chingizxonni lol qoldirgan Jaloliddin Manguberdi, Vatan bayrogʻini jonga tikkan Najmiddin Kubro, yurt gʻanimlarga oyoqosti boʻlmasligi yoʻlida umrini fido etgan Shiroq, Toʻmaris… zero, har qanday zamonda elu yurt qaddi, qadri baland boʻlishi uchun fidoyilikka tayyor insonlarning siymosi goʻyo.

Porlab turgan quyosh mehridaryo xalqimizning yuragi kabidir. Unda bagʻrikenglik, Vatanga muhabbat, qadriyatlargahurmat, milliy yuksalishga qanot boʻlayotgan olovqalb insonlarning otashin shijoati bardavomligi bor. Quyosh hamma yurtlar uzra birdek nur, harorat ulashadi. Oʻzbekistonni sevishimiz sababi, demak, quyosh emas, qalb harorati bu koʻhna zaminga obodlik, fayzu barakot, yuksalish, toʻkinlik baxsh etayotgan xalqning mehr-muhabbat ofotobi ramziga ham oʻxshaydi gerbimizdagi quyosh.

Gerbimizda tasvirlangan zaminda ilmu urfonda dunyo tamadduni sarchashmalarini ochgan, uni irmoqlardan daryolarga aylantirgan bobokalonlarimiz, maʼrifatu yuksak maʼnaviyati insoniyat qalb koʻzlarini nurlantirgan ulugʻ allomayu donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan momojonlardan tortib yaqin tarixda shu tuproq, shu xalqerku ozodligi uchun fido-qurbon boʻlgan otalarimiz, onalarimiz nafasi bor. Bu nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda ulugʻvor davlatchiligi, yuksak madaniyati, buyuk tarixi bilan eʼzozlanib kelinayotgan muqaddas zamin! Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:

Vatan tarkin bir nafas aylama,

Yana ranji gʻurbat havas aylama.

Vatanni bir nafas ham tark aylash, onadan ayrilgan goʻdak koʻzidagi yoshdek gʻamli, oʻkinchli, iztiroblidir. Davlatchiligimiz tarixining barcha davrida shu aziz tuprogʻu millat ramzlari, vatan timsollari eng aziz va muqaddas qadriyat sifatida eʼzozlangan. Tugʻ, tamgʻa millat, xalq, davlatning or-nomusi kabi asralgan. Muqaddas ramzlarni asrab qolish yoʻlida ajdodlarimiz, hatto, oʻz jonidan ham kechganini koʻrsatuvchi misollar juda koʻp. Bayroq, tamgʻa bilan bogʻliq yana bir muhim jihat shundaki, jangu jadallarda davlat ramzlarini eng ishonchli bahodirlar, pahlavonlar qoʻriqlagan, koʻtargan.

“Moʻgʻullar Gurjanchni qamal qildilar. Garchi Chingizxon bir necha marotaba 76 yoshli shayxga elchi yuborib, uning salomat qolishiga kafolat berib, qalʼani tark etishga daʼvat etsada, Najmiddin Kubro “Kindik qonim toʻkilgan, menga mehr-muhabbat koʻrsatgan Vatanim uchun kurashib oʻlish huquqini mendan hech kim tortib ololmaydi”, deya bu taklifni rad etadi. U Vatan bayrogʻini baland koʻtarish barobarida oʻzi ham bayroqqa aylanadi. Vatan ishqi, ozodligi yoʻlidagi insoniy burch umrida hatto oʻn kishilik lashkarni ham boshqarib koʻrmagan buyuk olim, donishmand Najmiddin Kubroni moʻgʻullarga qarshi qahramonona jangga otlangan qoʻrqmas qoʻmondon, mard jangchiga aylantiradi. “Yo Vatan, yo sharafli oʻlim!” deya elga bosh boʻlib shahar mudofaasini tashkil etishga otlanadi.

Bu jang ona Vatanimiz tarixidagi eng shonli, shuningdek, eng fojiali voqealardan biri boʻldi. Shayx boshchiligidagi mudofaachilar Vatanning yuragi boʻlmish Gurganj himoyasini or-nomus himoyasi, deb bildilar. Har bir kurashayotgan jangchi, mudofaadagi xalq – kattayu kichik Vatan uchun kurashib oʻlishni faxr va sharaf deb bilgan ruhan yengilmas kuchga aylanadi. Imon belgisi – Vatan sevgisiga sadoqat bilan gʻanimga qarshi jangda mardona boʻlish haqidagi ulugʻ shayxning daʼvati moʻgʻullar berayotgan qurbonlar sonini keskin oshirib yuboradi. Shaharda tirik jon borki, mudofaachiga aylandi. Shayx dushman bayrogʻiga chang solgancha halok boʻladi”. Davlat gerbidagi tasvirlarning har bir qati ana shunday mardlik va qahramonliklar bilan yoʻgʻrilgan.

Donolar “Kim oʻz yurtini sevmasa, u hech qachon hech nimani seva olmaydi”, – deydilar. Taʼbir joiz boʻlsa, bizning Ona Vatanga, shu muqaddas tuproqqa boʻlgan muhabbatimiz milliy ramzlarga boʻlgan munosabatimiz orqali ham shakllanadi, ifodalandi.

Vatan ramzlari doimo balandda turadi. Bosh uzra hilpiraydi, peshtoqlardan oʻrin oladi. Negaki, u millionlarni birlashtiradi. Xalqqa kuch-qudrat baxsh etadi. Yuksak maqsadlarni tarbiyalaydi, irodani toblaydi. Ezgulik uchun kurashlarda yiqilganni tiklaydi, qoʻrquvni jasoratga, zaifni matonatli insonga aylantira oladi. Bayroqni mardona koʻtargan, davlat gerbini oʻz erki va or-nomusi ramzidek qabul qilgan inson minglab qalblarga vatanparvarlik, xalqparvarlik bayrogʻini tika oladi.

Gerbimizning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini keng yozgan Humo qushi, pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʼzbekiston” deb yozib qoʻyilgan. “Oʼzbekiston” – bu soʻz koʻzimizga dunyo imlo lugʻatlaridagi barcha soʻzlardan ham koʻra chiroyli koʻrinadi. Humo qushini ajdodlarimiz baxt va iqbol, ezgulik va ulugʻvorlik keltiruvchi qush, deya taʼriflagan. Rivoyatlarda keltirilishicha, u kimning boshiga qoʻnsa, shodimonlik, baxt doimiy hamrohi boʻladi. U bizning VATAN boshiga qoʻngan, yurt uzra parvozi bardavom, barqaror boʻlgan baxtu saodat timsolidir.

Davlat Gerbimizga qarab turib yana bir gap dilimda oʻtdi. Bizning Davlat Gerbimiz ham Bayrogʻimizdek chiroyli, yorugʻ, undan ezgulikning, bunyodkorlik va yaxshilikning nafasi keladi. Taʼbir joiz boʻlsa Davlat Gerbining oʻzi bir doston, dostonki undan buyuk xalqimizning qalbi mujassam.Biz dunyo sahnasida bugun davlat tiklagan millat emasmiz. Shu bois ham unda ulugʻ tarix, madaniyat, ezgu niyat va murod mujassam.

Davlat ramzlari bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yoʻlida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha koʻz qorachigʻiday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlishga, yuksak ishonch va qatʼiyat bilan kelajakka qadam tashlashga daʼvat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk oʻtmish va yuksak madaniyatga ega boʻlgan xalqimizning shon-sharafi, gʻururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni eʼzozlash orqali biz oʻz qadr-qimmatini, oʻz mamlakatimiz istiqboli, demakki, oʻzimizga boʻlgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. Oʻz mamlakati bilan faxrlanadigan inson hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulugʻ ishlarga qodir boʻladi. Ana shu maʼnoda 2-iyul -Oʻzbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun katta bayram qilinishga arzirli kundir.

Bu – koʻksida Vatan degan muborak nomni gard yuqtirmay olib yurishni oʻziga sharaf deb bilganlar bayrami. Bu yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga sidqdildan intilayotgan mardona xalqimiz bayrami, bu-oʻz ilmi, kasb kori, fidoyiligi bilan buyuk ajdodlarga mos ravishda qadam tashlashga intilayotgan Vatanning oʻktam yoshlari bayrami. Bu – bir butun Vatanga aylangan Oʻzbekistonliklar bayrami!

Minhojiddin MIRZO,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi rahbari

Manba: http://uza.uz/uz/society/davlat-gerbi-milliy-yuksalish-mujassam-ulug-vor-vatan-timsol-01-07-2020