O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulovning Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrifi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga 2022-2023 o‘quv yilining ilk kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov tashrif buyurdi. Vazir tashrif chog‘ida universitetga 1-bosqichga qabul qilingan talabalar hamda ularning ota-onalari bilan uchrashib, do‘stona va samimiy suhbat qurdi.
Suhbat davomida ulardan Oliy ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayoni bilan bog‘liq taklif va mulohazalari haqida so‘rab, ularga xukumatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar va yengilliklar, xususan joriy o‘quv yilida shartnoma-to‘lov miqdorining o‘zgarishsiz qolganligiga alohida to‘htalib o‘tildi.
Tashrif davomida OTV vaziri A.Toshqulov universitetning B-blokida joylashgan, bir vaqtning o‘zida jami 1500 talabani o‘z ichiga sig‘dira oladigan yangi binosining ochilish marosimida ishtirok etib, zamonaviy o‘quv-uskunalari va multimedia jihozlari bilan ta’minlangan, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan o‘quv auditoriyalari, kafedralar, kafedralar huzuridagi ilmiy tadqiqot markazlari va kutubxonalar bilan yaqindan tanishib chiqdi hamda kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar bilan dildan suhbat qurdi.
Jumladan, universitet professori, yirik adabiyotshunos olim Muhammadjon Imomnazarov bilan bo‘lgan suhbat jarayonida ko‘p yillik tajribaga ega sharqshunos olim bilan ta’lim jarayonidagi so‘nggi islohotlar borasida fikr almashdilar. A.Toshqulov universitetning yangi binosida yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi, xususan, mazkur binoning birinchi qavatidan o‘rin olgan “Ona va bola xonasi”dagi qulayliklarni ko‘zdan kechirib, TDSHU rektorining hozirgi davr talablarini yaxshi tushunadigan, liberal rahbarlardan ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Tashrif jarayonida A.Toshqulov joriy yilning oktyabr oyida foydalanish uchun topshirilishi rejalashtirilayotgan universitetining yana bir yangi o‘quv binosini ko‘zdan kechirib, olib borilayotgan ta’mir ishlari borasida o‘zining do‘stona maslahat va tavsiyalarini berib o‘tdi.