Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Onlayn uchrashuv

12.06.2020, 13:02 Yangiliklar 2076

Zoom platformasida “Bosgan izim, aytgan so‘zim qoladi” deb nomlangan onlayn uchrashuv

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘z kitobxonlari bilan Zoom platformasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Bosgan izim, aytgan so‘zim qoladi” deb nomlangan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xodimi Sh.Rahimova kitobxonlar bilan Zoom platformasida uchrashib turganidan mamnunligini aytib, bugungi suhbatning mazmun va mohiyatiga alohida e’tibor qaratdi. “Said Ahmadning o‘zbek adabiyoti ravnaqiga, milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Uning romanlari, dramalari va zamonaviy mavzuda yozgan qissa, hikoyalarini xalqimiz sevib mutolaa qiladi va uni so‘z san’atkori, zahmatkash adib sifatida biladi va qadrlaydi. Hozir Said Ahmad asarlari har bir o‘zbek xonadoniga kirib borgan. Shuning uchun bugun biz kitobxonlarimizning Said Ahmad asarlaridan olgan ta’surotlarini eshitamiz hamda adibning izdoshlaridan u haqdagi hotiralari bilan tanishamiz”, – deya Sh.Rahimova onlayn suhbat mehmonlarini tanishtirdi. Suhbatda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, adabiyotshunos olimlar Adhambek Alimbekov, Xayrulla Hamidov va Temur Ubaydullolar ishtirok etishdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Adhambek Alimbekov Said Ahmad asarlarining insonni ichki kechinmalari, milliyligi, xalqchil va teranligi bilan o‘zbek adabiyotida mustahkam o‘rin egallashini alohida e’tirof etar ekan, u asarlardagi voqeliklar va qahramonlar ham aksari hayotdan olinganligini eslatib o‘tdi. Temur Ubaydullo Said Ahmad ijodida o‘ziga xos o‘rin tutgan hajviy asarlar, ularning yaratilish tarixi hamda ular yozilishiga sabab bo‘ladigan turli voqealar haqida so‘zladi: “Said Ahmadning hajviy mahoratini ko‘rsatuvchi muhim jihati shuki, u lirik hikoyalarida ham, nozik, ichki hissiyotlarni ifodalashda ham yumor bilan yondoshadi. U o‘z asarlarida ustalik bilan xalqning turmush tarzi, ruhi, kayfiyatlarini benihoya jonli, sof o‘zbekona tilda, hayotiy obrazlarga boy shaklda tasvirlaydi, shu uchun uning hazillari samimiy va dolzarb chiqadi”, – dedi u.