Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHUda joriy yilning mart oyidan boshlab Janubiy Osiyo mamlakatlarining O‘zbekistondagi elchilari dars mashg‘ulotlari olib boradi.

09.03.2021, 16:17 Yangiliklar 2316

Jumladan, Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat Hindiston mustaqilligining 75 yilligiga bag‘ishlab, Hindiston tashqi siyosati bo‘yicha turkum ma’ruzalar o‘qiydi. Mazkur darslar Hindistonning BMT, SHHT kabi xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlari, BMT tomonidan tinchlik va barqarorlikni asrash borasida o‘tkazilayotgan islohotlarga qo‘shgan hissasi, mamlakatning rivojlanish yo‘li, hind diasporasi, Hindiston va O‘zbekiston tarixiy-madaniy aloqalari, o‘zbek-hind strategik sherikligini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar kabi mavzularni qamrab oladi. Manish Prabhat 1996-yildan Hindiston Tashqi ishlar vazirligida faoliyat olib borib, turli davrda vazirlikning Yevroosiyo bo‘limi boshlig‘i, mamlakatning AQSH, Rossiya, Fransiya, Italiya, Armaniston davlatlaridagi diplomatik missiyalarida faoliyat yuritgan. U Dehli universitetining tarix mutaxassisligi bo‘yicha magistri bo‘lib, Hindistonning bir qator yetakchi universitetlari hamda Parijning Sorbonna va Milanning Bikokka universitetlarida ma’ruzalar o‘qigan.

TDSHUda Hindiston elchixonasi tomonidan tashkillashtirilayotgan turkum ma’ruzalarda elchixonaning yana 6 nafar xodimi Shipra Gosh, Bxargav Mitra, professor Chandra Shekxar, Nipun Anand, Aditi Valunj, J.S.N. Murti iham shtirok etadi.
Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayid Ali Asad Gillanining ma’ruzalari Pokiston tashqi siyosatiga bag‘ishlanadi. Ushbu darslarda geosiyosatning oxirgi 500 yillik evolyutsiyasi, Pokiston tashqi siyosati, zamonaviy geosiyosatda Pokiston va O‘zbekiston uchun imkoniyatlar kabi mavzular yoritiladi.

Sayid Ali Asad Gillani o‘z faoliyatini 1996- yil Pokiston Tashqi ishlar vazirligida boshlab, Sharqiy Osiyo, Islom hamkorlik tashkiloti, inson resurslari va protokol bo‘limlarida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, u Pokistonning Xitoy, Yaponiya va Turkiyadagi elchixonalari, BMTning Jenevadagi doimiy vakolatxonalarida faoliyat yuritgan.

Sayid Ali Asad Gillani Singapurning Nanyang texnologiya universiteti va AQSHning Massachusets texnologiya institutini “Biznesni boshqarish”, Pokistonning Panjob universitetini “Siyosiy fanlar” mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajalarini olgan. U o‘z faoliyati davomida Anqaradagi Yaqin Sharq texnika universiteti va Pekinning til va madaniyat universitetlarida maxsus ma’ruzalar o‘qigan.

Hindiston va Pokiston elchilarining chuqur nazariy va amaliy mazmunga ega darslari universitet Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalarida katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy.

Ma’lumot o‘rnida: 2020-2021-o‘quv yilidan TDSHUda Koreya Respublikasi, Turkiya Respublikasi va Misr Arab Respubikasi elchixonalari diplomatlarining ma’ruzalari yo‘lga qo‘yildi.

https://www.uza.uz/uz/posts/hindiston-va-pokiston-elchilari-talabalarga-maruza-oqiydi_247390