Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHU Turizm ishchi guruhi “Dam olish kunlari Rishtonda” loyihasi doirasida Rishtonning turistik salohiyatini o‘rgandi

25.06.2026, 16:29 Yangiliklar 85

Ichki turizmni yanada rivojlantirish, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi hamda kulolchilik an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga “Dam olish kunlari Rishtonda” shiori ostida tashrif uyushtirildi.

Mazkur tashrif hududning turistik salohiyatini o‘rganish, madaniy meros obyektlarini targ‘ib qilish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarni Rishtonga keng jalb etish maqsadida tashkil etildi. Tashrif davomida ishchi guruh a’zolari Rishton kulolchilik maktabining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Tohir Haydarovning kulolchilik ustaxonasida bo‘lishdi. Ushbu ustaxona nafaqat an’anaviy kulolchilik buyumlari tayyorlanadigan maskan, balki xalqimizning boy tarixi, milliy o‘zligi, ma’naviy qadriyatlari va madaniy merosini o‘zida mujassam etgan ijodiy makon sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Kulolchilik buyumlarida aks etgan naqshlar, ramziy tasvirlar, hikmatli va she’riy bitiklar xalqimizning ko‘p asrlik madaniy tajribasi hamda estetik qarashlarini namoyon etadi. Ushbu san’at namunalarini o‘rganish orqali nafaqat hunarmandchilik an’analari, balki milliy madaniyatimizning mazmun-mohiyatini ham chuqurroq anglash mumkin.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm ishchi guruhining ushbu tashrifi ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash, Rishtonning turizm imkoniyatlarini chuqur o‘rganish va uni milliy hamda xalqaro turizm bozorida yanada faol targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Rishton nafaqat kulolchilik markazi, balki tarix, madaniyat va milliy qadriyatlar uyg‘unlashgan maskan sifatida ham alohida o‘rin tutadi. Uning boy merosi va turistik salohiyati kelgusida ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.