Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Shanxay universiteti vitse-prezidenti Gou Yannan boshchiligidagi delegatsiyasi tashrif buyurdi

14.09.2026, 15:36 Yangiliklar 40

Tashrif doirasida TDSHU rahbariyati va Shanxay universiteti delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash hamda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida Shanxay universitetida buyuk mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan byust mavjudligi hamda universitet jamoasi tomonidan uning boy ijodiy va ilmiy merosiga yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘linishi alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, Shanxay universiteti professori Jiang Danhua ning Alisher Navoiy mukofoti bilan taqdirlangani hamda professorning TDSHUda talabalarga dars bergani ikki tomonlama hamkorlikning muhim natijalaridan biri sifatida qayd etildi.

Uchrashuvda Shanxay universiteti tomonidan hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan quyidagi takliflar ilgari surildi:

  1. “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida ilmiy-tadqiqot va boshqa istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish;
  2. Alisher Navoiy asarlarini xitoy tiliga tarjima qilish, ilmiy-adabiy merosini Xitoyda keng targ‘ib etish va ushbu yo‘nalishda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  3. Menejment va iqtisodiyot yo‘nalishlarida ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish;

O‘z navbatida, TDSHU vakillari tomonidan ikki universitet o‘rtasidagi ta’lim, ilmiy-tadqiqot va akademik almashinuv yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi:

  1. Alisher Navoiyning xitoy tiliga tarjima qilingan asarlarini Shanxay universitetida nashr etish, mazkur nashrni ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim loyihalaridan biriga aylantirish hamda Alisher Navoiy ijodiy merosini Xitoyda yanada keng targ‘ib etish;
  2. Iqtisodiyot va menejment yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratish;
  3. Shanxay universiteti professor-o‘qituvchilarini TDSHUga jalb etish, xususan, “Tadbirkorlik asoslari” fanidan dars berishlarini tashkil etish hamda talabalar mobilligi dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  4. TDSHU va Shanxay universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Creative Writing” markazi faoliyatini kengaytirish, mazkur markaz doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlar yo‘nalishida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish;
  5. Yozgi maktab dasturlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, Shanxay universiteti vakillarini TDSHUda tashkil etiladigan yozgi maktab dasturiga taklif etish hamda Shanxay universitetida o‘tkaziladigan yozgi maktab uchun TDSHU talabalariga ajratiladigan kvotani 4 nafardan 10 nafargacha oshirish;

Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, akademik va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish hamda ikki universitet o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Xalqaro O‘zbekiston-Xitoy forumiga Shanxay universiteti vakillari ham taklif etildi. Mazkur forum doirasida ham ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda.