Bitiruvchi talabalar bilan ochiq muloqot
2026-yil 12-mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bitiruvchi kurs talabalari ishtirokida rektor va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida universitet rektori mamlakat rahbarining yoshlar bilan muloqotida ilgari surilgan muhim tashabbuslar yuzasidan ma’ruza qilib, talabalarning fikr-mulohazalarini tingladi.


Uchrashuvda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, 4-bosqich bitiruvchilarini 100 foiz ish bilan ta’minlash masalasi, amaliyotdan qaytgan talabalar tomonidan amaliyot jarayoni yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilgani haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, “Bitiruvchilar uchun kelajakka qadam” loyihasi doirasida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kreditlar ajratilishi ta’kidlandi.



Bundan tashqari, joriy yildan boshlab amaliyot o‘tayotgan talabalarga davlat tomonidan 2 million so‘m miqdorida oylik ajratilishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni istagan yoshlar uchun esa bepul trening kurslari tashkil etilishi haqida ham so‘z yuritildi.


Uchrashuv davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator yangi imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, start-up loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 ta loyiha rag‘batlantirilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, yapon tilida tahsil olayotgan talabalar uchun Yaponiyaning Yamataka universiteti bilan hamkorlikda kasbga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, talabalar va yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida bepul onlayn kurslar tashkil etilishi haqida ham so‘z yuritildi.
Uchrashuvda yana bir muhim masala sifatida magistratura bosqichida 1+1 ta’lim dasturlari doirasida Turkiya, Xitoy va Koreya universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanganligi haqida ma’lumot berildi. Mazkur dasturlar talabalarga xorijiy universitetlarda tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Asosan bitiruvchi kurs talabalari ishtirok etgan mazkur uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tdi va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.