Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 82 39 / +998 95 515 15 05

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Universitet tarixi

UNIVERSITETNING QISQACHA TARIXI

1918-yil noyabr oyida Toshkentda Turkiston Sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Bu institut O‘rta Osiyo taixida birinchi  sharqshunoslik oliy o‘quv yurti sifatida qo‘shni mamlakatlar uchun ham sharqshunoslik fanining turli sohalari bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishtirib bera boshladi.

Mazkur bilim dargohida Turkiston va unga qo‘shni bo‘lgan xorijiy sharq mamlakatlarining tarixi, etnografiyasi, geografiyasi, o‘lkashunosligi, islom tarixi va musulmon qonunshunosligi kabi fanlar, sharq xalqlarining tillari va adabiyotlari o‘rgatilgan. O‘sha yili 1-kursga 234 ta talaba qabul qilingan edi. Institutda sharq tillaridan arab, fors, xitoy, pushtu, urdu, turk va mahalliy tillardan o‘zbek, tojik, qirg‘iz, turkman, tatar hamda Yevropa tillaridan ingliz, nemis va fransuz tillarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Sharqiy va Qarbiy Turkiston, Buxoro geografiyasi; o‘zbek, qirg‘iz, fors, tojik, qozoq, afg‘on, qoraqalpoq xalqlari etnografiyasi; O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va qadimgi dunyo tarixi, islom tarixi, shariat qonunlari kabi fanlar o‘qitia boshlandi.

3-kursdan boshlab talabalar ixtisoslikka bo‘linib o‘qitilgan. Ta’lim quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha taqsimlangan: turkiy tillar, eron filologiyasi, arabshunoslik va islomshunoslik. Shu bilan birga, mahalliy maktablar uchun ona tili va tarix o‘qituvchilari ham tayyorlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko`ra, 1922-1923 o‘quv yilida Turkiston Sharqshunoslik institutida 210 nafar talaba o‘qigan. Bundan 16 foizigina mahalliy xalq farzandlari bo‘lgan. Institutda 5 nafar professor, 21 nafar o‘qituvchi va bir necha lektor va praktikantlar ta’lim va tarbiya ishlarini olib borgan.1922-yilga kelib, institut kutubxonasida 5300 jild kitob va 200 dan ortiq qo‘lyozma asarlar mavjud edi.

Turkiston Sharqshunoslik instituti 1924-yilda  fakultet sifatida O‘rta Osiyo davlat universitetiga qo‘shib yuborildi. Uning birinchi dekani etib A.E.Shmidt tayinlandi. Fakultet faoliyati uzoq davom etmadi. 1930 yilga kelib, u pedagogika fakultetiga aylantirildi va 1931-yilda uning faoliyati batamom tugatildi.

Sharqshunoslik ta’limi uzoq davom etmagan bo‘lsa-da, qisqa davr ichida mazkur ilm dargohidan A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, K. Yudaxin, I.A.Kissen. R.L.Nemenova kabi taniqli tilshunos olimlar, P.P.Ivanov, M.R.Ivanova, M.Masson, V.A.Shiglkin, O.A.Suxareva kabi mashhur tarixchi va etnograflar, Muxtor Avezov, Sotim Ulug‘zoda kabi atoqli yozuvchilar hamda D.G.Voronovskiy kabi  sharqshunos olimlar yetishib chiqsi.

1944-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekistan Milliy universiteti) qoshida qaytadan sharq fakulteta ta’sis etildi. Uning dekani etib tarixchi sharqshunos olim Abdurahmon Hamroev tayinlandi. Fakultetda, o‘quv rejasiga ko‘ra, Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari tarixi va iqtisodi, tili va adabiyoti o‘qitila boshlandi. 1947-yili fakultet qoshida aspirantura tashkil qilindi. Ko‘pgina yosh mutaxassislar Moskva va Leningrad kabi markaziy shaharlarla aspiranturada o‘qib, fan nomzodi ilmiy darajasini olib qaytdilar. Ular o‘z yurtlariga jo‘nab ketgan rus sharqshunos olimlarining o‘rnini to‘ldirib, sharqshunoslikning turli sohalari bo‘yicha dars bera boshladilar. 1944-1947-yillarda fakultetda 4 ta kafedra mavjud bo‘lgan. Bular: Eron filologiyasi (1955 yildan Eron-afg‘on filologiyasi) kafedrasi; Shimoliy Hind (keyinchalik Hind va hozirda Janubiy Osiyo tillari) filologiyasi kafedrasi; Sharqiy Turkiston filologiyasi kafedrasi; Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari tarixi kafedrasi.

1949-yilda fakultetning dastlabki talabalari o‘qishni bitirib, hayotga yo‘llanma oldilar. Birinchi qaldirg‘ochlar 41 nafardan iborat bo‘lib, bugungi kunda ularning ko‘pchiligi Respublikada elga tanilgan mashhur olimlar qatoridan joy olgan. Fakultet kun sayin kengayib, takomillashib bordi. Arab, fors, pushtu, hind, urdu, xitoy, uyg‘ur, turk tillari bilan bir qatorda ingliz, rus va o‘zbek tillarini o‘rganishga ham katta ahamiyat berib kelindi. Sharq xalqlarining mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti bo‘yicha talabalarga chuqur bilim berish maqsadida 1965-yilda maxsus Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi tashkil etildi. Bir oz vaqt o‘tgach, G‘arbiy Yevropa tillari kafedrasi tashkil qilinib, fakultet bo‘yicha Yevropa tillarini o‘qitish jarayoni ta’minlandi. Sharq tillarini o‘qishini takomillashtirib, talabalarning nutq malakalarini o‘stirish maqsadida Eron, Afg‘onistan, Hindiston, Arab mamlakatlaridan o‘qituvchilar taklif etila boshlandi. Ular 1-2 yil davomida talabalarga dars berib, ularning amaliy malaka hosil qilishlarida katta yordam ko‘rsatdilar. Bu talabalarning tilni ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta bilishlariga imkon yaratdi. Faqatgina 1960-1970-yillar oralig`idada xorijiy Sharq mamlakatlaridan 10 nafar mutaxassis dars berish uchun taklif etilgan edi. O‘z navbatida, fakultet o‘qituvchi va talabalari ham xorijiy Sharq mamlakatlariga borib, institut va universitetlarda o‘qidilar va o‘z malakalarini oshirib qaytdilar.

1990-yilda Toshkent Davlat universitetining Sharq fakulteti negizida universitetning Sharqshunoslnk instituti tashkil qilindi. Oradan ko`p otmay, 1991-yil 15-iyulda esa bu institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning farmoni bilan Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga aylantirildi.

Respublikamizning sharqshunos kadrlarga bo`lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda institutda sharqshunoslik sohasidagi turli ixtisosliklar va yo‘nalishlarning doirasi yanada kengaytirildi. Institut fakultet bo‘lgan davrda mutaxassislar faqat filologiya, tarix va iqtisod yo`nalishlari bo‘yicha tayyorlangan bo‘lsa, endi  bu o‘quv maskanida o‘n ikki mutaxassislik bo‘yicha ta’lim berila boshlandi. Ilgari fakultet tarkibida 7 ta kafedra faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, Sharqshunoslik institutida 28 kafedra faoliyat ko‘rsata boshladi. Institut tashkil etilgach, arab, fors, dariy, hind, urdu, xitoy, pushtu va uyg‘ur tillari bilan bir qatorda yapon, koreys, turk tillari va adabiyoti ham o‘qitila boshlandi.

Talabalarda qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish va yozma manbalarni ilmiy tadqiq etish malakalarini shakllantirish maqsadlarida institutda Manbashunoslik va matnshunoslik kafedrasi tashkil etildi. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini chuqurroq o‘rganish uchun Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, shuningdek, Xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik kafedralari ham shakllantirildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, xorijiy Sharq mamlakatlari iqtisodi, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, marketing va menejment mutaxassisliklari bo‘yicha ham kafedralar tuzildi.

Qisqa davr ichida xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun etakchi mutaxassislar, ilmiy tadqiqot institutlari uchun kadrlar, maktab va litseylar uchun pedagoglar, xorijiy mamlakatlarda ishlash uchun tarjimonlar, diplomatik xodimlar tayyorlandi. Biz xaqli ravishda ta’lim muassasamizda tahsil olgan ilm-fan va davlat namoyandalari, diplomatlar bilan faxrlanamiz.  Qrim FA akademigi Aydar Memetov, Tojikiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, mashhur yozuvchi, tarjimon va olim Rasul Xodizoda, Gruziya Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi J.Sh. Giunashvili bizning talabalar bo‘lishgan.

Bizning bitiruvchilarimiz O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi sifatida dunyoning qator katta va obro‘li mamlakatlarida, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Belgiya, Isroil, Hindiston, Pokistan, Saudiya Arabistoni, Misrda faoliyat yuritishgan va yuritishmoqda.

Sharqshunoslik instituti faoliyati bevosita Uzbekistonda sharqshunoslik ilmini rivojlantirish va takomillashtirish bilan ham bog‘liq. O‘tgan davr mobaynida institut 400dan ortiq fan nomzodi, 80dan ortiq fan doktori tayyorladi. 8 nafar olimlarimiz O‘RFA akademikligiga saylangan. 14 nafar sharqshunos-olimlar O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatga fan arboblari, 12 nafari Beruniy va Hamza nomlaridagi davlat mukofotlari, 7 nafari Firdavsiy, Ahmad YAssaviy, Mahmud Qog‘ariy, Javoharla’l Neru va Imom al-Buxoriy nomlaridagi xalqaro mukofotlarining laureatlari. Bundan tashqari, qator sharqshunos-olimlarimiz “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” faxrli unvonlariga ega, 8 nafar sharqshunos-olim «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati» ordenlari kavaleri.

Agar biz sharqshunoslik institutining tarixiga nazar solsak, institutning ulug‘vor va shonli rivojlanish yo‘lni bosib o‘tganiga shohid bo‘lamiz. Bu davrda institut Markaziy Osiyodagi yagona yirik ta’lim va fan markaziga aylandi.Deyarli O`zbekiston Respublikasi tengdoshi bo`lgan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti 2020 yillarga qadar bo`lgan davr mobaynida alohida oily ta`lim muassasi sifatida o`z zimmasiga olgan vazifalarni sharaf bilan bajardi.

Yangi O`zbekiston rivolanish va taraqqiyot strategiyalariga muvofiq ravishda oily ta’lim tizimida keng qamrovli islohotlar amalga oshirila boshlandi, shu jumladan, sharqshunoslik ilm va ta’limining yangi ufqlari belgilandi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-apreldagi “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–4680-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etildi.

 

10.10.2020, 19:26 5723

    Spelling error report

    The following text will be sent to our editors: