Buyuk Britaniyalik ekspertlar ta’lim sifatiga mas’ul mahalliy xodimlar malakasini oshirmoqda
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, British Council va Buyuk Britaniyaning Quality Assurance Agency for Higher Education (QAA) hamkorligida oliy ta’lim tashkilotlari ta’lim sifatini ta’minlash bo‘limlari xodimlari uchun malaka oshirish dasturi tashkil etildi.

Dastur davomida ishtirokchilar xalqaro sifatni ta’minlash tizimlari bilan yaqindan tanishib, amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Mazkur tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida bo‘lib o‘tdi hamda unda Agentlikning barcha xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim sifatini oshirish bo‘limlari rahbarlari ishtirok etdi. Seminar Buyuk Britaniyaning Quality Assurance Agency (QAA) va British Council bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar QAA ekspertlari Tullio Lobetti va Julie Till tomonidan olib borilib, dastur davomida oliy ta’limda ichki va tashqi sifatni ta’minlash tizimlari, baholash jarayonlarida dalillarga asoslangan yondashuvlar, Yevropa standartlari va yo‘riqnomalari (ESG) hamda O‘zbekistonda shakllanib borayotgan sifat standartlari o‘rtasidagi uyg‘unlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tashqi baholash jarayonlari, baholash mezonlari va hisobotlarni xolis hamda shaffof tayyorlash, manfaatdor tomonlar bilan samarali muloqot olib borish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ushbu malaka oshirish dasturida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ta’lim sifati nazorati bo‘limi boshlig‘S.X.Maxkamova ham faol ishtirok etdi.
Seminar yakunida barcha sessiyalarda to‘liq ishtirok etgan tinglovchilarga Certificate of Achievement topshirildi.
Mazkur o‘quv seminari O‘zbekistonda oliy ta’lim sifatini ta’minlash tizimini xalqaro standartlar asosida mustahkamlash hamda sifat madaniyatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi
