Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

DIQQAT TANLOV!!!

08.08.2023, 19:25 E'lonlar 1512

2023/2024 o‘quv yili davomida Kuvayt universiteti qoshidagi “Arab tili markazi”da 3 semestr muddatda grant asosida stajirovka o‘tash maqsadida 18-27 yosh oralig‘ida bo‘lgan, o‘qishi yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, yuksak ma’naviyatli, ilmiy va ijodiy yo‘nalishlarda muayyan yutuqlarga erishgan, universitet hayotida faol ishtirok etadigan, filologiya, tarix, xalqaro munosabatlar, iqtisod yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olib, arab tilini o‘rganayotgan nomzodlarni aniqlash va tavsiya qilish uchun tanlov tashkil etiladi.
Kuvayt universiteti tomonidan 2023/2024-o‘quv yilida 4 nafar talabaga stajirovka o‘tash uchun grant ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, barcha xarajatlar 100% grant hisobidan Kuvayt universiteti tomonidan qoplanadi.
Arab tili bo‘yicha tanlov joriy yilning 2023-yil 16-avgust kuni soat 10:00 da hamda Ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha 18- avgust kuni soat 10:00 da Amir Temur ko‘chasi, 20-uy, 3-auditoriyasida o‘tkaziladi.

Batafsil ma’lumot uchun fakultetingiz dekanatiga murojaat qilishingiz mumkin.

BAHOLASH MEZONI

Imtihon ikki bosqichda o‘tkazilishi belgilangan:

I bosqich

Arab tilidan test. Jami 50 ta test. Har bir to‘g‘ri javob 1 balldan baholanadi, jami 50 ball, belgilangan vaqt 50 daqiqa.
Belgilangan mavzuda insho. Eng yuqori ball 10 ball, ajratilgan vaqt
40 daqiqa.
Insho quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
1. Mavzu mazmuni to‘liq yoritilgan, belgilar soni 250 dan kam bo‘lmagan, 4 tagacha grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 8-10 ball;
2. Mavzu mazmuni yaxshi yoritilgan, belgilar soni 220 dan kam bo‘lmagan, 6 tagacha grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 4-7 ball;
3. Mavzu mazmuni o‘rtacha yoritilgan, belgilar soni 200 dan kam bo‘lmagan, 8 tagacha grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 2-6 ball;
4. Mavzu mazmuni qisman yoritilgan, belgilar soni 180 dan kam bo‘lmagan, 10 tagacha grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 1-5 ball;
5. Mavzu qoniqarsiz yoritilgan, belgilar soni 130 dan kam bo‘lmagan, 15 dan ortiq grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 1-4 ball;
6. Mavzu umuman yoritilmagan, belgilar soni 100 dan kam bo‘lgan, 20 dan ortiq grammatik, stilistik va orfografik xatolarga yo‘l qo‘yilgan holda 0 ball.

Arab tilidan og‘zaki imtihon. Jami: 20 ball
Og‘zaki imtihon quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
1. Mavzu haqida ravon so‘zlab berish, berilgan savollarni aniq tushunish va tutilmasdan javob berish 16-20 ball;
2. Berilgan mavzuni qisqa pauzalar bilan so‘zlab berish, berilgan savollarni aniq tushunish va biroz tutilishlar bilan javob berish 10-15 ball;
3. Berilgan mavzuni uzun pauzalar bilan so‘zlab berish, berilgan savollarni qisman tushunish va tutilishlar bilan javob berish 5-9 ball;
4. Berilgan mavzuni qisqacha so‘zlab berish, berilgan savollarni takrorlardan keyin qisman tushunish va tutilishlar bilan javob berish 1-4 ball;
5. Berilgan mavzuni so‘zlab berolmaslik, berilgan savollarga umuman tushunmaslik va javob berolmaslik 0 ball.

Eslatma: Test, insho va og‘zaki imtihon natijalarida 56% (44,8 ball) dan ortiq ball to‘plagan ishtirokchilar 2-bosqichda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.

II bosqich

Ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha og‘zaki imtihon. Jami: 20 ball.
Ma’naviyat va ma’rifat bo‘yicha og‘zaki imtihonda talabalar bilan mamlakatimiz tarixi, madaniyati, adabiyoti, mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati, O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Tarqqiyot strategiyasi mazmuni va mohiyati, O‘zbekiston va Kuveyt hamkorlik aloqalari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, shu jumladan, arabshunoslik sohasi rivojlanishi to‘g‘risida suhbat o‘tkaziladi.
Og‘zaki imtihon quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
1. Berilgan savol yuzasidan talaba to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib, mavzu bilan bog‘liq dalillarni keltira olsa hamda o‘z fuqarolik pozitsiyasidan turib javob bera olsa – 16-20 ball.
2. Berilgan savol yuzasidan qisman ma’lumotga ega bo‘lib, mavzu bilan bog‘liq dalillarni bir qadar chalkashtirsa – 10-15 ball.
3. Berilgan savol yuzasidan ma’lumotlarni yetkazishda qiynalsa, mavzu bilan bog‘liq dalillarni yetkazishda yanglishsa – 1-9 ball.
4. Berilgan savollar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lmasa – 0 ball.