Xitoyning Minzu universiteti bilan ta’lim yo‘lidagi hamkorlik
2024-yil 19-23-mart kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib qaytgan TDSHU rektori G.Rixsiyeva Minzu universitetiga tashrif buyurdi hamda universitet Prezidenti prof. Guo Guangsheng bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilinib, TDSHU qoshida Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi ochishga kelishib olindi. Shuningdek, muzokaralar chog‘ida TDSHU olimlari tomonidan taklif etilayotgan Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, turizm va iqtisodiyot mavzularidagi 3 ta ilmiy loyihani amalga oshirish ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, talabalar akademik almashuv dasturi doirasida 7 nafar xitoylik talaba TDSHUda, 7 nafar TDSHU talabalari esa Minzu universitetida bir o‘quv yili davomida tahsil olishiga kelishib olindi.
Shu bilan birga, TDSHU rektori Minzu universitetida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar uchun o‘zbek tili mavqeyi, O‘zbekistonda til siyosati, xorijda o‘zbek tilini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruza o‘qidi. Ma’ruzadan so‘ng, talabalarga o‘zbek xalqining milliy qadriyatlaridan hisoblangan Navro‘z bayrami va bahor an’analari haqida ma’lumot berib o‘tildi.