Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Eronshunoslikda xushxabar!

23.07.2020, 19:48 Yangiliklar 2259

Har bir sohaning ravnaqi mutaxassislarining bilimi, malakasi, salohiyati, fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda kelajak uchun tayyorlangan mustahkam poydevor bilan belgilanadi. Xususan, sharqshunoslikning uzviy qismi hisoblanuvchi eronshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar qanday?.

Ko‘pchilik sharq tillari deganda arab tili bilan birga fors tilini ham eslashi bejiz emas, zero jahon tamadduni ilgarilashida beqiyos maqomga ega bo‘lgan donishmand ajdodlarimizning aksariyati arab va fors tillarini birdek chuqur egallab, ilmiy va badiiy asarlarini shu tillarda bayon etganlar. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘zining yuz yildan ortiq tarixi mobaynida fors tilini o‘rganish, o‘rgatish va uning turli masalalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishni biror kunga ham kanda qilmagan. Eronshunoslik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash universitet jamoasining doimo diqqat markazida. Fors tilini egallagan bitiruvchilarimiz xalq xo‘jaligining turli sohalarida davlatimiz ravnaqi, ilm-fani taraqqiyoti uchun xizmat qilgan va qilmoqdalar.

Ayni kunlarda universitetda 250 dan ortiq talaba fors tilini asosiy mutaxassislik tili sifatida o‘rganmoqda va ularga 30 ga yaqin mahalliy hamda xorijlik professor-o‘qituvchilarimiz saboq bermoqda. Bu jarayon masofaviy ta’lim shaklida ham biror kunga uzilgani yo‘q. Pandemiya sharoitida kafedra professor-o‘qituvchilari o‘z bilimlarini zamonaviy tarzda videodarslar yaratish orqali talabalarga yetkazib berdilar va 250 dan ortiq videodarslar talabalarga qulay ta’lim platformalari orqali taqdim etildi.

Universitetda ta’lim jarayonlari masofaviy shaklda taqdim etilmoqda, xorijiy hamkor universitetlar bilan talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish o‘quv kurslari va vebinarlar o‘tkazilishi ham onlayn formatda yo‘lga qo‘yildi va muvaffaqiyatli amalga oshyapti. Xususan, universitetning barcha fors tili ustozlari va talabalari ayni shu kunlarda Eronning Alloma Tabotaboiy universiteti tomonidan maxsus tashkil qilingan “Fors tilini chet elliklarga o‘qitish: CEFR talablari asosida” hamda «Fors tilshunosligi» mavzularidagi malaka oshirish kurslarida qatnashib, 29 ta xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Universitet professori, hozirgi davr eronshunosligining darg‘asi Ahmadjon Quronbekov tomonidan yozilgan «Hamsa» dostonida ma’nolar silsilasi” nomli monografiya Eronning yirik tilshunos, adabiyotshunos, navoiyshunos olimlari tomonidan yuqori baholangani, Tehrondagi boobro‘ nashriyot tomonidan 2000 nusxada nashr etilgani ham barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydigan ish bo‘ldi.

Eronshunoslik sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlar oxirgi uch yil davomida yangi ko‘tarilish bosqichini boshladi, deb bemalol aytish mumkin. Zero, eronshunos ustozlardan uch nafari fan doktori (DSc), yana bir nafari filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar va tadqiqot natijalarini ta’lim jarayoniga tatbiq etib kelmoqdalar. Ayni kunlarda yana ikki nafar tadqiqotchi – fors tilining yetuk bilimdonlari qatoridan mustahkam o‘rin olishga ulgurgan Nodirjon Nuriddinov va ilmiy tadqiqotini yuksak sur’atlarda olib borib, muddatidan oldin yakunlagan Suhrob Bo‘ronovlar eronshunoslik va afg‘onshunoslikning dolzarb masalalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasi uchun dissertatsiyalari himoyasiga tayyor turishibdi.

Ta’kidlash lozimki, oxirgi yillarda eronshunoslikning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqishini O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yaxshilanib borayotgani samarasi deb baholash mumkin.

Hulkar MIRZAHMEDOVA,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti,

Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi mudiri, PhD, dotsent

 

http://uza.uz/oz/society/eronshunoslikda-khushkhabar-22-07-2020?sphrase_id=13458389