Har kunimiz Navro’z bo’lsin!
Yurtimiz bo‘ylab Navro’z ayyomi tadbirlari davom etmoqda. Navro’z – tabiatni yangilaydi, yoshartiradi. Uning udumlari esa inson ruhiyatini poklaydi. Bu bayram butun borliqni uyg’otgani kabi inson ko’ngliga quvonch bag’ishlaydi, hayotga, yashashga ruhlantiradi. Shuning uchun ham xalqimiz Navro’zni azaldan ommaviy sayil, uyg’onish fasli sifatida keng nishonlab keladi. Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “Har kunimiz Navro’z bo’lsin!“ shiori ostida katta bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Institut binosi bahoriy bayram – Navro’zga monand bezatilgan. Fakultet kafedralari tomonidan bayram dasturxoni turli xil taomlar bilan bezatilgan. Navro’z bayrami an’anaga muvofiq qadim urf-odatlarimizni tarannum etuvchi karnay-surnay sadosi bilan boshlandi. Bayram tadbirini institut rektori A.Mannonov ochib, barchani Navro’zi olam bilan qutladi. Shundan so’ng talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar hamda kuy-qo’shiqlar yig’ilganlarga ko’tarinki ruh bag’ishladi. Ayniqsa, institutda ta’lim olayotgan xorijlik talabalarning o’zbek milliy kiyimida, milliy cholg’u asboblarimiz bilan ijro etgan qo’shiqlari va yapon qizlarining uncha-muncha o’zbek qizlarini dog`da qoldiradigan raqslari barchaga birdek manzur bo‘ldi. Tadbirda institutning professor-o’qituvchilari, madaniyat xodimlari va san’atkorlar va talabalari ishtirok etishdi. Tadbir davomida institutda Navro’zga bag`ishlab o’tkazilgan sport musobaqalari g`oliblari institut kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg’alar va faxriy yorliqlar bilan mukofotlandilar.
So‘ng professor-o’qituvchilar hamda tashrif buyurgan mehmonlar e’tiboriga milliy taomlarimiz ko’rgazmasi taqdim etilib, ular osh, sumalak kabi bahoriy bayramona dasturxonga taklif etildi. Mamlakatimizda bir yuz o’ttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona va axil oila farzandlaridek yashab, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo’shmoqda. Ular milliy urf-odatlar, an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylab, bayramlarni birgalikda nishonlashadi. Navro’z yurtimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha vatandoshlarimizning ongu shuuriga singib ketgan go’zal bayramdir.
Navro’z chin ma’noda Toshent davlat sharqshunoslik instituti uchun qo’shaloq tantana bo’ldi. Sababi aynan bundan 25 yil avval davlatimiz rahbarining qarorlari bilan Toshkent davlat shaqshunoslik instituti tashkil etilgan edi. Mana, oradan chorak asr o‘tdi. Bu qisqa muddat ichida institutda ko‘plab sharqshunos-olimlar taxsil olib, turli xil jabhalarda faoliyat yuritib kelmoqdalar.
Shu kunning o‘zida institutning talabalar turar joyida ham Navro’z bayrami tantanalari davom etib, doshqozonda sumalak qaynatildi. Milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bayram ko‘taringki ruhda bo‘lib, barchada katta taassurot qoldirdi.