“Mamlakatda amalga oshirilayotgan gender siyosati va fakultetda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar manfaatini himoya etish masalasi” mavzusida seminar-trening
27-dekabr kuni ToshDSHI Sharq filologiyasi fakultetining qishki ta’til rejasiga muvofiq, Institut xotin-qizlar bilan ishlash kengashi raisi Sh. Zaynuddinova fakultet professor-o‘qituvchilariga “Mamlakatda amalga oshirilayotgan gender siyosati va fakultetda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar manfaatini himoya etish masalasi” mavzusida seminar-trening o‘tib berdi. Tadbirda “ayol va oila”, “ayol va jamiyat”, “ayol va uning jamiyat oldidagi majburiyatlari” yuzasidan suhbat bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, bizning institutimizda sharqona axloq-odob masalalariga e’tibor qaratilishi, qizlarimiz ibosi va tarbiyasi yaxshiligi jihatidan boshqa Oliy o‘quv yurtlaridagi yoshlardan ajralib turishi haqida ta’kidlandi. Sharq mamlakatlaridagi gender masalasi bo‘yicha nuqtai nazarini bildirgan fakultet dekani Q. Omonov bu masala g‘arbdan qaysi jihatlari bilan ustun ekanligi haqida to‘xtalib, Sharq mamlakatlarida, xususan, bizning yurtimizda ayollar doimo e’zoz va e’tiborda bo‘lganligini qo‘shimcha qildi. Professor-o‘qituvchilar ham ayollarning mehnat samaradorligini oshirish bo‘yicha institut miqyosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar va iqtidorli talaba qizlarga ham doimo ma’naviy jihatdan ko‘mak berilishi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan bu seminar natijasida Ayollar Kengashining kelgusidagi ishiga rivoj tilandi hamda barcha ayollarning bu kabi tadbirlarda faol bo‘lishlari taklifi kiritildi.