Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

MISRLIK OLIMLAR BILAN UCHRASHUV

04.09.2018, 23:50 Yangiliklar 3151

Bugun, 2018-yilning 4-sentabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Qohira Universiteti Tarixiy yodgorliklar fakulteti dekani, arxeologiya fanlari doktori, professori Ahmad Radjab Muhammad Ali Rizk, turkolog olima, doctor Magda Sadax Maxluf, Qohira Universiteti Osiyo tadqiqotlari markazining direktori Ahmad Tabarikdan iborat bo‘lgan delegatsiya tashrif buyurdi.

Professor Ahmad Radjab Muhammad Ali Rizk bugungi kunda Qohira Universiteti Tarixiy yodgorliklar fakulteti dekani bo‘lib, O’zbekistonning madaniy me’rosi va tarixiy yodgorliklarni tadqiq qilishga qaratilgan 30dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir. 2017-yilda “Buyuk ipak yo‘li shaharlarida islom sivilizatsiyasi va yodgorliklar ensiklopediyasi” seriyasidagi “Islom sivilizatsiya va Buxoro yodgorliklari” nomli 2-jildli kitobi nashrdan chiqdi. 2018-yilda arab va turkiy manbalar asosida yozilgan Samarqand tarixiy yodgorliklari haqidagi navbatdagi kitobi nashrdan chiqdi va Toshkent, Xiva, Termiz, Qarshi, Shahrisabzga bag‘ishlangan jildlari tayyorlanmoqda.

Turkolog olima doktor Magda Sadax Maxluf “Boburnoma”ning ingliz va fors tilidagi tarjimalarini solishtirish orqali arab tilidagi izohli tarjimasini nashrdan chiqargan. Turkiy xalqlar adabiyoti, jumladan, o‘zbek klassik adabiyoti namunalarini arab tiliga tarjima qilgan. Ayn Shams universitetida o‘zbek tili o‘qitilishining tashabbuskorlaridan sanaladi.

“O‘zbekiston” kitobining muallifi Ahmad Tabarik Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy islohotlar, mintaqadagi va Orol dengizi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan 70 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalarning muallifidir.

Uchrashuv davomida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori professor Abdurahim Mannonov mehmonlarga institutning ilmiy faoliyati, ta’lim jarayoni, arab tili, xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti, tarixi, Sharq falsafasi, Yaqinva O‘rta Sharq mamlakatlari iqtisodiyotini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, natijalar haqida ma’lumot berdi. Mehmonlar esa, arab manbalarida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston tarixining yoritilishi masalalariga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishishdi. Misr Arab Respublikasisining Qohira universiteti, Ayn Shams universitetida saqlanayotgan qo‘lyozma va manbalardan foydalanish masalalariga to‘xtalib o‘tdilar, mazkur yo‘nalishda yozilgan kitoblar taqdimotini qildilar.

Tomonlar uchrashuv davomida qo‘shma konferensiyalar o‘tkazish, manbashunos olimlar, ilmiy va pedagogik kadrlar, magistratura va doktorantura talabalarini almashish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish va o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olishdi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab Qohira universitet imagistrining Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga doktoranturada o’qishini davom ettirishi va o’zbek tili va adabiyoti bo‘yicha O‘zbekistonlik olimlardan tahsil olishiga amaliy yordam berish masalalari muhokama qilindi. Misrlik olimlar mamlakatimiz tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan kitob va nashrlarini institut kutubxonasiga sovg‘a qilishdi.

photo_2018-09-04_23-49-08 photo_2018-09-04_23-49-06 photo_2018-09-04_23-49-03