SHHT BOSH KOTIBI BILAN UCHRASHUV
2018-yilning 2-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Alimov Rashid bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda siyosiy fanlar doktori, professor R.Alimov TDShI talabalari va professor-o‘qituvchilariga “Zamonaviy dunyoda SHHT” mavzusida ma’ruza qildi va SHHTning faoliyati, yuzaga kelish tarixi, rivojlanish istiqbollari, tashkilotga a’zo mamlakat oldida turgan vazifalar, hamkorlikni rivojlantirish masalalari haqida gapirib o‘tdi.
2001-yilda tashkil etilgan SHHTga bugungi kunda 8 ta mamlakat a’zo bo‘lib, 4 mamlakat kuzatuvchi, 6 mamlakat esa muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga egadir. Tashkilot doirasidagi hamkorlik masalalariga xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashish, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash kabilar kiradi.
Shanxay Hamkorlik tashkiloti tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish, o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda ko‘p tomonlama hamkorlikning mexanizmi, ochiq va konstruktiv muloqot uchun maydon, shuningdek, turli yo‘nalishlarda sherikchilikni rivojlantirish instrumenti hisoblanadi. R.Alimovning fikrlariga ko‘ra Shanxay hamkorlik tashkiloti ming yilliklar chorrahasida paydo bo‘ldi va rivojlanib kelmoqda. Tashkilotga asos solinganiga endigina 17 yil bo‘lganiga qaramasdan, shu kunga qadar hamkorlikni rivojlantirish borasida ko‘plab natijalarga erishildi. Bugungi kunda dunyoda 89 ta mintaqaviy tashkilotlar mavjud bo‘lsa, SHHT o‘z miqyosi, shakli-shamoyili va mohiyatiga ko‘ra yagona, o‘ziga xos tashkilot sifatida e’tirof etilmoqda. Bugungi kunda SHHT doirasida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qarorlarning qabul qilinishi a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro yakdillik mavjudligiga ishora qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi SHHTning ta’sischi davlatlaridan biri bo‘lib, mamlakatimiz tashkilot doirasida mintaqaviy barqarorlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlik, barqaror iqtisodiy o‘sish, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratib kelmoqda. R.Alimov O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi faoliyati haqida fikr bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning SHHT doirasida ilgari surayotgan tashabbuslarini alohida ta’kidlab o‘tdi. So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston turli masalalarni qamrab oluvchi 43 ta amaliy tashabbuslar bilan chiqqanini e’tirof etdi.
Bugungi kunda tashkilot oldida xalqaro, mintaqaviy xavfsizlik, barqaror iqtisodiy rivojlanish, SHHT a’zolari bo‘lgan barcha davlatlar gumanitar rivojlanishiga bo‘lgan zamonaviy tahdidlarga munosib javob tayyorlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilikka qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqish kabi masalalar turibdi.
R.Alimov bugungi kunda SHHT doirasida yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini va tashabbuslar natijasida keyingi haftada Xitoyning Xanyan provinsiyasining Dunfan shahrida SHHTning Birinchi Yoshlar Assambleyasi tashkil etilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Yuqori martabali mehmon “Men siz kabi yoshlarni ko‘rganda kelajagimiz yuksak salohiyatli, tashabbuskor, bilimli yoshlarning qo‘lida ekanligiga ishonch hosil qilaman. O‘ylaymanki siz kabi yoshlar o‘zaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishda faol ishtirok etasizlar” deya o‘z ma’ruzasiga yakun yasadi.
R.Alimovning ma’ruzasi yakunida talabalar bilan qizg‘in savol-javoblar o‘tkazildi. Tadbir yosh sharqshunos talabalarda katta qiziqish uyg‘otib, SHHT haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarni olish imkoniyatini yaratdi.