TDSHI vakillari “Bog‘ing Vatan degan nom olsin” adabiy kechasida ishtirok etishdi
2018-yil 18-dekabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi anjumanlar zalida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan “Bog‘ing Vatan degan nom olsin” deb nomlangan adabiy kecha bo’lib o’tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3652-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda uyushma a’zolari – yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, shoirning oila a’zolari, el suygan san’atkorlar, yosh ijodkorlar va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti professor-o’qituvchilari va talabalari bilan ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli shoir va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodiy merosi yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Erkin Vohidov 1936-yil 28-dekabrda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ildi. 1960-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomladi. U o‘zining ijodiy va mehnat faoliyatini yoshlar nashriyotida kichik muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik mamlakatimizning nufuzli nashriyotlarida muharrir, bosh muharrir, shuningdek, “Yoshlik” jurnalining bosh muharriri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti direktori kabi vazifalarda samarali mehnat qildi. Erkin Vohidov o‘zining sermazmun, badiiy yuksak she’r va dostonlari, dramatik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, milliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘usini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning betakror ijodi milliy ruhi va xalqchilligi, hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi.
Atoqli shoir yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati davomida “Tong nafasi”, “Qo‘shig‘im sizga”, “Aql va yurak”, “Mening yulduzim”, “Yoshlik devoni”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Kelajakka maktub” kabi she’riy to‘plamlari, “Nido”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni”, “Ko‘hinur” kabi dostonlari, “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi” singari sahna asarlari, “So‘z latofati” badiiy risolasi, jahon adabiyotining Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Gyote, Sergey Yesenin kabi mumtoz namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrdagi o‘nlab asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilindi.
Mustaqillik yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin, obod va farovon hayotini tarannum etadigan, inson qadr-qimmatini ulug‘laydigan bir qancha yangi she’riy asarlari, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bag‘ishlangan kitoblari, bunyodkor zamondoshlarimizning fidokorona mehnati, yurtimizdagi ulkan islohot va o‘zgarishlar haqidagi publisistik maqolalari keng jamoatchilik o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi.
U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida ko‘plab yosh iste’dod egalariga ustozlik qildi. Erkin Vohidovning o‘zbek adabiyoti va san’atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni faxriy unvonlari, “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016-yil 7-dekabrdagi «O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra atoqli shoirimizning 80 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Uning o‘zbek tilida “Saylanma” asarlari, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she’riy to‘plamlari nashr etildi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Erkin Vohidov ijodining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati” mavzuida ilmiy konferensiya o‘tkazildi, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil qilindi. Ulug‘ shoir xotirasini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratildi, shoir haykali “Adiblar xiyoboni”ga o‘rnatildi, Toshkent shahridagi O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov yashagan uyda yodgorlik lavhasi o‘rnatildi hamda Farg‘onada shoir nomi bilan ataluvchi ijod maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda yosh ijodkorlar shoir she’rlaridan o‘qib berdi. San’atkorlar tomonidan shoir she’rlari bilan aytiladigan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.