Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

TDSHIda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi yuzasidan ma’ruza o’tkazildi

08.01.2019, 16:17 Yangiliklar 2503

2019-yilning 8-yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2018-yilning 28-dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan murojaatnomasida mamlakatimiz demokratik-innovatsion rivojlanishining yangi konseptual asoslarining belgilanishi” mavzusida ma’ruza o’tkazildi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o’qituvchilari hamda xodimlari ishtirok etdi. Ma’ruzani institutning “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri, s.f.d., professor U.Idirov olib bordi.

Ma’ruza davomida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Parlamenti oldida qilgan murojaatnomasida qayd etilgan barcha masalalar yuzasidan ma’lumotlar taqdim  etilib, 2019-yilda amalga oshiriladigan ishlar, xususan, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, fan, ta’lim, madaniyat, sport, xalqaro munosabatlar yo’nalishlari bo’yicha qilinajak barcha islohotlarning tub mohiyatiga alohida to’xtalib o’tildi. Mamlakatimizning jahon xo’jaligida munosib o’rnini topishi, milliy raqobatbardoshlikni oshirish va innovatsion faoliyatni jadallashtirish, iqtisodiyotni, xususan, qishloq xo’jaligining samaradorligini oshirishda klasterli boshqaruv usulini joriy qilishning ahamiyati, konstruktiv inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhim ekanligi qayd etildi. Shuningdek, 2019-yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilinishining asoslari qayd etilib, ushbu yilda amalga oshirilishi belgilangan ishlar, rejalar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, murojaatnomada fan, ta’lim, ayniqsa oliy ta’lim tizimini rivojlantirish borasida bildirilgan fikrlar haqida alohida to’xtalib o’tildi. Prezidentimiz o’z murojaatlarida: “Oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur. Yurtimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish o‘tgan yillarda 9-10% bo‘lib kelayotgan edi. So‘ngi 2 yilda ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli biz bu raqamni 15%dan oshirishga erishdik. Lekin bu hali yetarli emas, chunki dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich ularda o‘rtacha 60-70%ni tashkil etadi.  Shuning uchun 2019-yilda mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 20%ga yetkazish va kelgusi yillarda oshirib borish muhim vazifalarimizdan biridir” deb ta’kidlagan edi.

Shu munosabat bilan endilikda yoshlarimizning ta’lim olish huquqlarini kengaytirish maqsadida ularga bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyat beriladi, oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etiladi, bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishini davom ettirish imkoniyatlari yanada kengaytiriladi. Bu kabi islohotlar esa, o’z navbatida jamiyatimizda oliy ma’lumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar sonining oshishi, mamlakatning har jabhada rivojlanishiga asos bo’lib xizmat qiladi.

Ma’ruza yakunida institut jamoasi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda institutimizda amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar yuzasidan fikr almashib, maqsadli rejalar belgilab olindi.

20190108_121303 20190108_121401 20190108_121503

20190108_12162220190108_12165820190108_122649