TDSHU delegatsiyasi Hindiston OAV nashrida

Hindistonning Dehli shahridagi Hind tillari markazida Professor Xoja Muhammad Ikramiddin raisligida urdu-o‘zbek adabiy va til munosabatlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Unda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Muhayyo Abdurahmonova, doktor Nilufar Xodjayeva va doktor Sirojiddin Nurmatovlar ishtirok etdilar.
Doktor Nilufar Xodjayeva G‘olib va Iqbolgacha bo‘lgan bir qator mumtoz shoirlarning asarlari tarjimalari haqida so‘z yuritib, bir qancha tarjimon va lug‘atchilarning xizmatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Professor Muhayyo Abdurahmonova urdu va o‘zbek tillaridagi mushtarak so‘zlar haqida, doktor Sirojiddin Nurmatov esa O‘zbekistonda urdushunoslik sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar xususida ma’lumot berdi.
Shuningdek, professor Xoja Muhammad Ikramiddin Janobi oliylari Javoharlal Nehru universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi tafsilotlari haqida ham ma’lumot berdi. Tez orada Javoharlal Nehru universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalarining ushbu memorandum asosida o‘zaro almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.