TDSHU Saudiya Arabistonining yetakchi universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
TDSHU rektori G.Rixsiyeva rahbarligidagi delegatsiya 2022-yil 27-28-mart kuni rasmiy tashrif bilan Jidda shahrida bo‘lib, Saudiya Arabistonining eng nufuzli Podshoh Abdulaziz universiteti rektori Abdurahmon bin Ubayd Al-Yubiy bilan ikki universitet o‘rtasida kadrlarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qildilar.
E’tiborga loyiq tomoni shundaki, hozirda “QS World University Rankings” jahon universitetlarining 2022-yildagi xalqaro reytingida Saudiya Arabistonidagi Podshoh Abdulaziz universiteti 109-o‘rinni egallagan. Ushbu dargohda ayni payt 77 mingdan ziyod talabalarga ta’lim beriladi, Saudiya Arabistoni oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida 1-o‘rinni egallab kelmoqda.
TDSHU vakillarining Saudiya Arabistonidagi tashrifi davomida, Podshoh Abdulaziz universiteti rektori Abdurahmon bin Ubayd Al-Yubiy, Chet elliklar uchun arab tilini o‘qitish instituti direktori Badr Al-Utaybiy bilan uchrashib, sharqshunoslik-arabshunoslik sohasida kadrlarni tayyorlash, arab tili o‘qituvchilari malakasini oshirish, hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, talabalar stajirovkasini Saudiya tomoni granti asosida tashkil etish, TDSHU bakalavriat talabalari uchun mazkur institut bazasida arab tili bo‘yicha “3+1” shaklida qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish va yangi o‘quv yilidan joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Suhbat davomida rektor G.Rixsiyeva o‘zaro hamkorlikning yanada bir yo‘nalishi sifatida Podshoh Abdulaziz universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘qitish markazini tashkil qilish taklifini ilgari surdi.
Barcha takliflar ishlab chiqilgan shartnomaga kiritilishi kelishib olindi. Podshoh Abdulaziz universiteti Kuzatuv kengashida tasdiqlanadigan bu hujjat O‘zbekiston va Saudiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida birinchi marta shartnomaviy-huquqiy asosga ega hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat beradi.
TDSHU delegasiyasi Jidda shahrida bo‘lishi davomida, O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda Podshoh Abdulaziz universitetida TDSHU professor-o‘qituvchilari tomonidan arab tilida nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston: yangi nigoh va yangi tendensiyalar” nomli kitob taqdim qilindi.