Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

TDSHUda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy loyiha doirasida ozarbayjon tilini o‘qitish, metodik yondashuvlarni takomillashtirish yuzasidan seminarlar o’tkazildi

27.11.2025, 16:25 Yangiliklar 97

2025-yil 25-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazi” auditoriyasida navbatdagi ozarbayjon tili darsi bo‘lib o‘tdi. Ushbu dars Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy loyiha doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha doimiy ravishda ozarbayjon tilini o‘qitish, metodik yondashuvlarni takomillashtirish va talabalarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Dars jarayonida loyiha doirasida tashrif buyurgan tajribali mutaxassislar — Shafiqa Tahirova va Türkan Ömərova — ozarbayjon tilining o‘qitilishiga oid taqdimotlar namoyish etib, o‘zlarining zamonaviy metodik usullarini, talabalarning nutq va eshitish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan samarali amaliy mashqlarini tanishtirdilar. Ular til o‘rganishda madaniy kontekstning o‘rni, til muhitini yaratishning ahamiyati hamda o‘quv jarayonida interaktiv yondashuvlarning o‘rni haqida batafsil fikr bildirdilar.

Darsda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turkshunoslik oliy maktabi boshlig’i PhD, dots. M. Aripov, Turkshunoslik tadqiqotlari markazi rahbari f.f.n., dots. J.Shabanov, TDShU qoshidagi Ozarbayjon tili va madaniyati markazi rahbari PhD, dots. v.b. N.Altinboyev, oliy maktab dotsenti L.Aminova, TDShU va O’zDJTU talabalari bilan bir qatorda, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari ham ishtirok etdi. Uchrashuv davomida talabalar ozarbayjon tilida she’rlar o‘qib, o‘z til ko‘nikmalarini namoyish etdilar. Shuningdek, turkiy tillarni chuqur o‘rganishning zamonaviy ahamiyati, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning kengayib borayotgan yo‘nalishlari, yoshlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Tadbir yakunida “Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazi” auditoriyasi 2023-yilda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan ochilgani alohida ta’kidlandi. Ushbu kabinet o‘z faoliyatini boshlab bergan kundan buyon ozarbayjon tilini o‘qitish, ilmiy-ma’rifiy seminarlar, adabiy uchrashuvlar va turli madaniy tadbirlarni o‘tkazish uchun muntazam ravishda foydalanib kelinmoqda. Markazning faoliyati ikki davlat o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni mustahkamlash, talabalarning lingvistik imkoniyatlarini kengaytirish va ozarbayjon tiliga bo‘lgan qiziqishni oshirish yo‘lida muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.