TDSHUda “Markaziy Osiyo xalqlarining etno-tarixiy jarayonlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman o’tkazildi
2024-yilning 25-oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Markaziy Osiyo xalqlarining etno-tarixiy jarayonlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman “Markaziy Osiyoda etnoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari”ga bag‘ishlanib, 15 dan ziyod davlatdan oflayn va onlayn tarzda 50 nafardan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi. Konferensiyada etnoturizm, tarixiy-madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilish, mahalliy taomlar va mehmondo‘stlik an’analari hamda global miqyosda Markaziy Osiyo xalqlarining boy madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
To‘rt sho‘ba doirasida o’tgan muhokamalarda soha olimlari, mutaxassislar va tadqiqotchilar ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etib, Markaziy Osiyodagi madaniy merosning turizmni rivojlantirishdagi o‘rni, tabiiy manzaralar va qadimiy joylarning ahamiyati, etnoturizmni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.
Anjuman davomida qizg‘in bahs-munozaralar, yangi nazariy yondashuvlar va kelgusidagi ilmiy izlanishlar uchun istiqbollar belgilandi. Yig‘ilish so‘ngida ishtirokchilar turli ilmiy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashishni davom ettirishga kelishib oldilar.