Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Ozarbayjon delegatsiyasi bilan ilmiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi

13.03.2026, 17:04 Yangiliklar 91

2026-yil 13-mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuv avvalida Akif Marifli universitet rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, joriy yilning 6-aprel kuni TDSHU bilan hamkorlikda turkshunoslik yo‘nalishida ilmiy konferensiya tashkil etish taklifini ilgari surdi. U mazkur tashabbus qo‘llab-quvvatlangan taqdirda konferensiyani o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni boshlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekistonga muntazam ravishda tashrif buyurib turadigan ozarbayjonlik professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalarini TDSHUda tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 2026-yil 7-aprel kuni Boku Slavyan universiteti tashabbusi bilan I Turkologik qurultoyning 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro Turkologik tadqiqotlar konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida TDSHU tomonidan Boku davlat universitetida “O‘zbekiston madaniyat markazi”ni tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan taklif ham muhokama qilindi. Akif Marifli ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Boku davlat universiteti mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, TDSHUda ozarbayjon tilini o‘qitishni qayta yo‘lga qo‘yish maqsadida 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab malakali mutaxassis jalb etish masalasida ham tayyorlik bildirilib, nomzodga oid hujjatlar taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida, Boku davlat universiteti 1919-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Ozarbayjonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 26 mingdan ortiq talaba tahsil oladi hamda 16 ta fakultet orqali keng qamrovli ilmiy va ta’lim faoliyati olib borilmoqda.

Uchrashuv yakunida Akif Marifli TDSHU vakillarini 17-mart kuni soat 15:30 da Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etiladigan tantanali tadbirda ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, ozarbayjonlik professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalarini tizimli ravishda tashkil etish uchun ularning tashrif muddatlari va ma’ruza mavzulari haqida oldindan ma’lumot berib borish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Boku davlat universiteti tomonidan “O‘zbekiston madaniyat markazi”ni tashkil etish uchun alohida xona ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlash hamda O‘zbekiston madaniy muhitini aks ettiruvchi tarzda bezash imkoniyatlari mavjudligi bildirdirildi.