Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Turizm sohasida dual ta’lim — nazariya va amaliyot uyg‘unligi

03.04.2026, 17:59 Yangiliklar 201

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent shahridagi nufuzli JW Marriott Hotel mehmonxonasi o‘rtasida Turizm va mehmondo‘stlik ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim tizimini joriy etishga qaratilgan muhim hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-sonli “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda turizm va mehmondo‘stlik sohasida yuqori malakali, amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Ta’lim jarayonida nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, talabalarni real ish muhitiga moslashtirish, zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, oliy ta’lim muassasalari va sohadagi yetakchi ish beruvchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shu zaruratdan kelib chiqqan holda, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va JW Marriott Hotel mehmonxonasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum mehmonxona bosh direktori Imanov Ilkin Vakil ugli va Turizm kafedrasi mudiri Ch.Xusanovlar tomonidan imzolanib, u ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida talabalar mehmonxonada amaliyot o‘tash orqali qabul xizmati, servis, restoran xizmati, marketing va boshqaruv jarayonlari bilan yaqindan tanishadilar. Bu esa ularning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish, amaliy tajribasini boyitish va kelgusida ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Tadbir davomida mehmonxona bosh direktori Imanov Ilkin Vakil ugli talabalar bilan muloqot o‘tkazib, mehmonxona faoliyati va o‘zining ko‘p yillik ish tajribasi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, mehmonxonaning xodimlarni malakasini oshirish bo‘yicha bosh menejeri Sizix Dmitriy Sergeevich talabalarni mehmonxona tarixi, xalqaro miqyosdagi o‘rni va filiallari bilan tanishtirdi hamda mehmonxona bo‘ylab amaliy ekskursiya uyushtirdi.

Mazkur amaliy va mazmunli uchrashuv bo‘lajak mutaxassislarning o‘z sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularning kasbiy shakllanishida muhim qadam bo‘ldi.