Turizm va ta’lim integratsiyasi: Toshkent davlat sharqshunoslik unversiteti vakillari bilan Yangiqo‘rg‘on maktablarida seminar-treninglar
Turizm sohasi nafaqat mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik tarmoq, balki yoshlar uchun istiqbolli kasb yo‘nalishidir. Shu boisdan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm kafedrasi tomonidan Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan 31 va 47-sonli maktablarda bir qator seminar-treninglar o‘tkazildi.
Tadbirlarning asosiy maqsadi – Yangiqo‘rg‘on tumanining turizm salohiyatini o‘quvchilar orasida targ‘ib qilish, uni rivojlantirish imkoniyatlari haqida tushunchalar berish, hamda o‘quvchilarni oliy ta’lim, xususan, turizm sohasi bo‘yicha kasb tanlashga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarlarda Turizm kafedrasi mudiri Ch.Xusanov boshchiligidagi universitet ishchi guruhi vakillari ishtirok etdi. Yuqori sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Yangiqo‘rg‘on tumanining tabiiy, tarixiy va madaniy salohiyati, ushbu manzillarning ichki va xalqaro turizm nuqtai nazaridan jozibadorligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bu yo‘nalishlarni mahalliy darajada rivojlantirish strategiyalari, fuqarolarning ishtiroki va yoshlarning faol roli alohida ta’kidlandi.
Turizm kafedrasi mudiri Ch.Xusanov kafedra profesosor-o‘qtuvchilari tomonidan o‘quvchi yoshlar uchun “Gidlik faoliyati asoslari va mijozlar bilan ishlash ko‘nikmalari” mavzusidagi qisqa o‘quv kursi tashkil etilganligi hamda “Tourism & Travel Club turizm yoshlar kulubi” to‘garagi faoliyat yurutishini ma’lum qildi.
Seminar-treningning ikkinchi qismida esa o‘quvchilarga Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mavjud oliy ta’lim imkoniyatlari, jumladan turizm sohasidagi bakalavriat yo‘nalishlari, qo‘shma ta’lim dasturlari, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar va amaliyot imkoniyatlari haqida batafsil tanishtirildi. Bu orqali maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni kasb tanloviga yo‘naltirish maqsad qilingan.
Tadbir doirasida hozirda TDSHUda tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining o‘qish davomidagi shaxsiy yutuqlari, tajribalari va motivatsion hikoyalari bilan o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashdi. Bu uchrashuv o‘quvchi yoshlar uchun qiziqarli va mazmunli bo‘ldi hamda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Seminar interaktiv shaklda o‘tkazilib, viktorina savollari va kichik musobaqalar tashkil etildi. Faol qatnashgan, to‘g‘ri va ijobiy javob bergan o‘quvchilar ishchi guruh tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida 31-maktab direktori G‘olibjon Sottiqulov universitet delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, mehmonlarni maktab muzeyiga taklif etdi.
Mazkur proforientatsiya tashabbusi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan yoshlarga kasb tanlashda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ularga turizm sohasi bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni yetkazish, shuningdek, Yangiqo‘rg‘on tumanining turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida olib borilayotgan tizimli ishlarning muhim qismi hisoblanadi.
