Talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy-kasbiy rivojlanishiga yaqindan yordam berish, talabalar bilan individual ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom
1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tyutorlik faoliyatining maqsad va vazifalari;
tyutorlarning huquq va majburiyatlari;
tyutorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish hamda tyutorlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
tyutorlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Oliy taʼlim tashkilotlarida talaba-yoshlar tarbiyasi bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish, ularda vatanparvarlik ruhini oshirish va tyutorlik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi
2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda:
tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda amaliyotga joriy etsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.