Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

⚡️Ta’lim krediti qanday olinadi

12.08.2020, 12:51 Yangiliklar 5191

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt miqdori yuqorilig sabab ko‘pchilik oilalar farzandini o‘qitish uchun kredit olishiga to‘g‘ri keladi. Ammo kredit olish tartibini bilmaslik yoki bank xodimining mijozga to‘g‘ri-tuzuk tushuntirmasligi ortidan ko‘p hollarda ortiqcha sarsongarchilik keltirib chiqaradi.

Markaziy bank Matbuot kotibi Akmal Nazarov fuqarolardan kelayotgan savollarga javob qaytarib, ta’lim krediti olish tartibi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun ularning o‘ziga, ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

Ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga qabul qilingan talabalarga — 10 yilgacha, magistratura bosqichi talabalariga — 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Hozirgi karantin davrida ta’lim krediti ajratish xizmatini masofaviy ravishda ko‘rsatilishi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Ta’lim kreditini olish uchun qarz oluvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ta’lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;

b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma. Ushbu shartnomada o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.

g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat;

d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oila farzandlari tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Kredit qaytmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim:

• mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;

• uchinchi shaxs kafilligi;

• sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi;

• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi (bu hujjat faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun so‘raladi).

Ta’lim kreditini olish tartibi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risidagi nizom”da va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan.

Manba: https://qalampir.uz/uz/news/ta-lim-krediti-k-anday-olinadi-24313