24-umumiy o’rta ta’lim maktabi bilan hamkorlikda o’tkazilgan tadbir
2 oktabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tillari kafedrasi hamda L.B.Shastri nomidagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bilan hamkorlikda Hindistonning buyuk davlat arbobi L.B.Shastri hamda M.K.Gandi tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda TDShI professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Santosh Jha janobi oliylari, Lal Bahadur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori Chander Shegxar janoblari va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir boshida Hindiston Respublikasining elchisi Santosh Jha janobi oliylari tomonidan L.B.Shastri haykali poyiga gulchambar qo‘yildi va hurmat bajo keltirildi.
Shundan so‘ng, maktabda tashkil etilgan L.B.Shastri muzeyiga tashrif buyurdilar. Elchi janoblari sharafli mehmonlar kitobiga o‘z izhorlarini qayd etdilar. Tadbirda maktab va maktabda pedagogik amaliyot o‘tayotgan Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo tillari kafedrasi talabalari tomonidan tashkillashtirilgan madaniy qism namoyish etildi. Tadbir so‘ngida Hindiston elchixonasi tomonidan tadbir ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbir “O’zbekiston” telekanalining “Assalom, O’zbekiston” teledasturida ham namoyish etildi.