ABDULLA ORIPOV SHE’RLARINING TURK TILIDAGI TARJIMA ASARI TAQDIMOTI
2026-yil 11-mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan “BEN NİÇİN SEVERİM ÖZBEKİSTAN’I” nomli turk tilidagi tarjima asar taqdimoti hamda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva ochib berdi. Davra suhbatida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Qudratulla Omonov, shoira Hanifa Mustafoyeva, Shoira Oripova hamda Ruxsora Oripova so‘zga chiqib, Abdulla Oripovning hayot yo‘li, boy ijodiy merosi hamda uning asarlarining bugungi kunda o‘rganilishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir davomida talabalar tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi hamda asliyat va tarjima she’rlar qiyosiy tarzda taqdim etildi. Shuningdek, kitobni nashrga tayyorlovchi va tarjimon Xayrulla Hamidov hamda filologiya fanlari doktori, dotsent Rustam Sharipov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi, unda shoir Abdulla Oripovning hayoti va ijodiy faoliyati, uning she’riyatining mazmun-mohiyati hamda asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tadbir davomida shoirning boy adabiy merosi, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida ta’kidlab o‘tildi.





















