Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati

22.10.2020, 14:41 Yangiliklar 3987

I. Qarorning maqsadi

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish hisoblanadi.

II. Qarorning mohiyati

Qarorga muvofiq, 2020-yil 15-noyabrdan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartiblari joriy etiladi:

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan oʻquv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;

ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun mikrokredit ajratiladi.

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan:

tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi;

mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi asosida 225 million soʻmgacha mikrokreditlar ajratiladi.

Bunda mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.

Qarorga koʻra, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻ ajratiladi.

2022-yil 1-yanvardan Tadbirkorlikka oʻqitishning yagona tizimi ishga tushiriladi.

2021-yil 1-yanvarga qadar “Mikrokreditbank” ATBning aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha yangi biznes modeli ishlab chiqiladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xususan, ularni oʻqitish, mikrokredit ajratish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.

PQ 4862