“Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasi hamda “Rektor stipendiyasi” sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
14-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasi hamda “Rektor stipendiyasi” sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet rektori Rixsiyeva Gulchehra Shovkatovna ochib berib, stipendiya sohiblarini erishgan yutuqlari bilan tabriklab, ularga kelajakdagi ilmiy yo‘nalishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Mazkur stipendiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020-yil 3-dekabrdagi 4910-son qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda joriy qilingan bo‘lib, sovrindorlar har o‘quv yilida universitet huzuridagi akademik litsey o‘quvchilari orasida tanlov o’tkazgan holda eng munosib nomzodlar orasidan saralab olinadi. Joriy yilda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdoriga teng bo‘lgan stipendiya bilan akademik litseyning 10 nafar o‘quvchilari “Akademik litseyimiz iftixori” stipendiyasi bilan hamda 4 nafar o‘quvchisi “Rektor stipendiyasi” bilan taqdirlanishdi.