Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

«Buddizm obidalari – ziyorat turizmini rivojlantirishning yangi yo‘nalishi» mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya

12.06.2021, 22:33 Konferensiya, Yangiliklar 2318

2021-yil 12-iyun kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida «Buddizm obidalari – ziyorat turizmini rivojlantirishning yangi yo‘nalishi» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Ushbu ilmiy anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilayotgan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovatsion loyiha natijalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiyada turizmning yangi yo‘nalishlarini O‘zbekistonda rivojlantirishning ilmiy-nazariy jihatlari; buddaviylik tarixi va bu boradagi tadqiqotlar; O‘zbekistondagi buddaviylik obidalari va ziyorat turizmini tashkil qilishning jahon tajribasi va undan respublikamizda foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, xalqaro turizm bozoriga integratsiyaning ahamiyatini ochib berishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
2020-yil yozda o‘z ishini boshlagan “Respublikamiz hududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish” innovasion loyihasining umumiy mablag‘i 2 mlrd so‘m bo‘lib, o‘tgan 1 yil ichida mazkur loyiha doirasida asosiy ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Navbatdagi bosqich endlikda loyihaning bevosita amaliyotga tatbiq etiladigan jihatlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev fan va ta’lim respublikamizni rivojlantirishning asosiy tayanchi bo‘lishi kerakligini bir necha bor ta’kidlaganlar. Shu nuqtai nazardan ham ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va uning natijalarini o‘quv jarayoniga joriylash ishlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, gumanitar soha fundamental, amaliy va innovasion ilmiy loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy va madaniy rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash omili bo‘lib xizmat qiladi.
Shu o‘rinda 2 yil davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 97 ta monografiya, 63 ta darslik va 183 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanma chop etilgan. Shuningdek, xorijiy jurnallarda, shu jumladan, yuqori reytinglarga kiruvchi ilmiy nashrlarda 361 ta hamda respublika jurnallarida 392 ta maqolalar nashr etilgan. Bulardan tashqari axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dasturlar, mualliflik huquqi bilan himoya qilingan turli materiallar uchun 7 ta guvohnomalar olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri A.A.Abduhakimov ilmiy anjumanning ochilish marosimida so’zga chiqib, konferensiya mavzusi va muhokamaga olib chiqilgan masalalar bugungi kunda juda ham dolzarbligi va respublikamiz taraqqiyoti uchun muhimligini bilan ahamiyatga molikligini ta’kidladi. Shu bilan anjuman yakunidagi qarorlar va mulohazalar O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish va bu soha uchun mutaxassis kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni yanada izchillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsieva anjumanning ochilish marosimida sohaning taniqli olimlari va ekspertlari ushbu tadbirda ishtirok etayotganiga chuqur minnatdorchilik izhor etib, O‘zbekistonda turli uchrashuv, konferensiya va ko‘rgazmalarni tashkil etish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirishga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etdi. O‘tkan davr mobaynida O‘zbekistonda ziyorat turizmi segmentini rivojlantirish va uning turistik xizmatlar eksportidagi ulushini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga ushbu O‘zbekistonda turizm xizmatlari tarkibini diversifikasiya qilish va turizmning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilishi zarurligini zikr etdi.