Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Chet ellik talabalar faoliyati

TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK UNIVERSITETI- DUNYO YOSHLARI BILIM OLADIGAN ZAMONAVIY MASKAN

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti – bu nafaqat ta’lim dargohi balki turli xalqlar yoshlari bilim oladigan, madaniyatlar uchrashadigan va kelajak yetakchilari shakllanadigan makondir. TDSHU nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida sharq tillari, madaniyati, siyosati va iqtisodiyotini chuqur o‘rgatuvchi yetakchi ilmiy-ma’rifiy muassasa sifatida o‘z nufuzini mustahkamlagan.

Bugungi kunda TDSHUda 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan talabalar tahsil olmoqda. Ular turli bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari asosida ta’lim olib, o‘z sohalari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish sari intilmoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ta’lim olayotgan xorijiy talabalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Universitetda 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan xorijiy talabalar bakalavriat, magistratura va stajirovka dasturlari asosida tahsil oladi. Universitetda tahsil olayotgan xorijiy talabalar Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston, shuningdek, Ozarbayjon, Ukraina, Koreya, Germaniya, Misr, Niderlandiya va boshqa davlatlardan bo‘lgan fuqarolarni qamrab oladi.

VIDEO

Xorijiy talabalar universitetda Sharq filologiyasi va tarjimashunoslik (arab, fors, koreys, xitoy, yapon, turk, hind, ingliz tillari), Xalqaro munosabatlar va jahon siyosati, Tashqi iqtisodiy faoliyat va mintaqaviy integratsiya, Sharq sivilizatsiyasi va falsafa, hamda Tarix va madaniyatlararo muloqot yo‘nalishlari kiradi. TDSHUda tahsil olayotgan xorijiy talabalar nafaqat ta’lim jarayonida, balki turli madaniy, ilmiy va ijtimoiy loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. Ular O‘zbekistondagi hayot tarzini o‘rganish, til muhitida erkin muloqot qilish, turli xalqaro forumlar, ilmiy konferensiyalar, festivallar va madaniy tadbirlarda ishtirok etish orqali o‘z salohiyatini namoyon qilmoqda.

Mahalliy talabalar uchun esa xorijiy olimlar bilan bevosita ishlash, xorijga stajirovka va almashinuv dasturlari orqali chiqish, qo‘shma diplom dasturlarida ishtirok etish, turli xalqaro grant va tanlovlarda qatnashish imkoniyati mavjud. Bunday muhitda o‘z salohiyatini yuzaga chiqarayotgan TDSHU talabalari nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham raqobatbardosh bo‘lib bormoqda.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xorijiy talabalar uchun ixtisoslashgan, ilmiy asoslangan va madaniyatlararo muloqotga yo‘naltirilgan o‘quv muhitini taqdim etadi. O‘zbekistonning yuksalayotgan xalqaro nufuziga mos tarzda, universitet xorijiy talabalar oqimini yanada oshirish, ta’lim sifatini yuqori darajada ushlab turish va xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Universitetda tahsil olayotgan talabalar nafaqat ta’lim jarayonida, balki turli respublika miqyosidagi ilmiy va madaniy loyihalarda ham faol ishtirok etmoqda. So‘nggi yillarda xorijiy talabalar erishgan yutuqlar respublika ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Masalan, universitetning xorijiy talabalari – xitoylik Li Longxiang va yaponiyalik Rinka Yagame “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom, O‘zbekiston” tonggi dasturida mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Mazkur ko’rsatuv buyuk alloma Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan tayyorlangan maxsus ko‘rsatuv namoyish etilib, unda shoirning betakror ijod namunalaridan namunalar jonli ijro etildi. Xorijiy talabalar Alisher Navoiyning badiiy merosiga bo‘lgan chuqur hurmatlari va ehtiromlarini ifoda etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ushbu tadbir madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning boy adabiy merosini xorijiy talabalar orasida targ‘ib qilish va kengroq ommalashtirishga xizmat qiladi.

Jumladan, TDSHUda tahsil olayotgan Koreya Respublikasi fuqarosi Fida Olha “O‘zbekiston – mening yuragimda” mavzusidagi respublika insholar tanlovida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu tanlov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Xalqaro aloqalar markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 100 dan ortiq xorijiy talabalarni qamrab oldi. Shuningdek, Yaponiya fuqarosi Morita Taisei ham ushbu tanlovda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlardan birini egalladi va unga sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi ishtiroklar xorijiy talabalar orasida O‘zbekiston madaniyati va tiliga bo‘lgan katta qiziqishning ifodasidir.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti – bu sharq bilimini zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan, til va madaniyatlararo muloqotni qadrlaydigan, talaba manfaatini ustuvor deb biladigan, jahon ta’lim makonida o‘z o‘rniga ega nufuzli oliy ta’lim muassasasidir. Agar siz ham o‘z ilmiy yo‘lingizni xalqaro miqyosga olib chiqmoqchi bo‘lsangiz, turli millat yoshlari bilan birga bilim olishni istasangiz – TDSHU siz uchun to‘g‘ri tanlovdir!

07.07.2025, 13:20 14075