Chust tumanida turizm va ta’lim hamkorligi: Sharqshunoslar Chust maktablarida
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Turizm ishchi guruhi tomonidan 2025-yil 23-sentabrda Chust tumanining 9, 13 va 75-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tumanning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish va yosh avlodni milliy qadriyatlar, hududning boy madaniy merosi hamda sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Tadbir davomida Turizm kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent Ch.Xusanov o‘quvchilarga Chust tumanining tarixiy obidalari, milliy hunarmandchilik an’analari, tabiiy go‘zal manzaralari va zamonaviy turizm imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, Chust tumani nafaqat Namangan viloyatida, balki butun O‘zbekistonda sayyohlar uchun jozibador hududlardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbirda o‘quvchilar uchun “Siz Turizm haqida bilasizmi?” mavzusida viktorina o‘tkazilib, faol ishtirok etgan o‘quvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida bitiruvchi yoshlarni turizm sohasi bilan tanishtirish, ularni ushbu soha bo‘yicha kasbiy yo‘nalishlarini tanlashga yordam berish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Mazkur loyiha ta’lim va turizm sohalarining integratsiyasini kuchaytirish, yosh avlodda o‘z yurtiga bo‘lgan muhabbat va milliy iftixor tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, o‘quvchilarni turizm, mehmondo‘stlik, xizmat ko‘rsatish va menejment kabi istiqbolli kasblarga yo‘naltirish orqali ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

