Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Endilikda TDSHU professor-o’qituvchilari Buyuk Britaniyaning Norvich til o’qitish institutida 2 haftalik malaka oshirish imkoniyatiga ega bo’ladi

04.03.2026, 16:11 Yangiliklar 109

2026 – yil 4 – mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga Buyuk Britaniyaning nufuzli til ta’limi markazlaridan biri – Norvich til o‘qitish instituti (NILE) direktori Thom Kiddle tashrif buyurdi. Tashrif doirasida universitet rahbariyati hamda NILE instituti vakillari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va amaliy mexanizmlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, til o‘qitish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Thom Kiddle NILE institutining zamonaviy metodik yondashuvlari, innovatsion o‘quv dasturlari va xalqaro tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Muzokaralar natijasida TDSHU professor-o‘qituvchilari uchun maxsus chegirma asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etishga kelishib olindi. Kelishuvga muvofiq, TDSHU vakillari uchun alohida guruh shakllantiriladi hamda odatda barcha tinglovchilar uchun majburiy hisoblangan ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi (registration fee)dan ozod etiladi. Mazkur imtiyozlar universitet pedagoglarining xalqaro standartlarga mos kasbiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida TDSHU professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun NILE kutubxonasidan bepul foydalanish imkoniyati taqdim etildi. Endilikda universitet vakillari NILEning eng so‘nggi ilmiy-metodik adabiyotlari va o‘quv resurslaridan bevosita ta’lim jarayonida foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu esa dars mashg‘ulotlari samaradorligini oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilishga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, 2027 yil yanvar oyidan Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari Erasmus+ dasturida ishtirokini qayta yo‘lga qo‘yishi munosabati bilan mazkur yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Dastur doirasida TDSHU professor-o‘qituvchilari va talabalari qisqa muddatli akademik almashinuvlarda qatnashish, malaka oshirish va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur tashrif va erishilgan kelishuvlar TDSHUning xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda universitetning global ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.