Korrupsiyaga qarshi kurash
2024-yil 11-dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda «Ochiq eshiklar kuni» doirasida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 16-maqsadi — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar”ga muvofiq ravishda, korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davra suhbatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Toshkent shahar bo‘limi yetakchi mutaxassisi F.M. Boyturayev ishtirok etdi. U korrupsiya tushunchasi, uning jamiyat hayotiga salbiy ta’siri, mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy islohotlar va korrupsion xatti-harakatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir yakunida “Yoshlar korrupsiyaga – yo‘q deydi” shiori ostida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari tantanali tarzda taqdirlandi. Bu kabi tadbirlar yoshlarda halollik, adolat va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
