Kampusdan tashqari ta’limga oid tadbirlar: 133-maktab / 3
Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri bo‘lgan 4-maqsad – “Sifatli ta’lim” doirasida, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan ta’limga bo‘lgan ochiqlik va inklyuzivlikni kengaytirish maqsadida Toshkent shahridagi 133-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda navbatdagi to‘garak mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur maktab yapon tiliga ixtisoslashganligi sababli, TDSHU jamoasi tomonidan o‘quvchilar bilan birgalikda yapon madaniyatining muhim unsurlaridan biri bo‘lgan “Origami” san’atiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida o‘quvchilar nafaqat origami san’atining asoslarini o‘rgandilar, balki yapon madaniyati, estetikasi va tafakkur tarziga doir bilimlarini ham boyitdilar.
Bu kabi tashabbuslar TDSHUning kampusdan tashqaridagi ta’lim imkoniyatlarini oshirish, yoshlar orasida xorijiy tillar va madaniyatlarga qiziqishni rag‘batlantirish, shuningdek, universitet va umumta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
