Yoshlar bandligini ta’minlash va xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash yo‘lida
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) o‘z talabalariga xalqaro mehnat bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun muhim amaliy imkoniyatlar yaratishda davom etmoqda. 2024-yilda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlov natijasida universitetning 13 nafar talabasi O‘zbekiston Respublikasining Belgiya, Turkiya, Qatar, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va Hindistondagi elchixonalarida amaliyot o‘tash imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.
Mazkur amaliyot dasturi yoshlarni xalqaro darajadagi professional muhitga moslashtirish, diplomatik va tashqi siyosat sohasidagi ko‘nikmalarini oshirish, mehnat bozoriga tayyor holatda yetishtirishga xizmat qiladi.
Xalqaro amaliyotlar orqali talabalar nafaqat kasbiy malakasini oshiradi, balki xalqaro mehnat bozorida talabgir bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa ularning iqtisodiy mustaqilligini oshirish va barqaror ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.