Yaponiyada xalqaro stajirovka dasturi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Yaponiyaning “Reigi-Sahou” uyushmasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, 2024-yil avgust oyida bir qator TDSHU talabalari Yaponiyadagi yetakchi mehmonxonalar va tashkilotlarda amaliyot o‘tadilar. Ushbu tashabbus Yaponiyada zamonaviy xizmat ko‘rsatish madaniyati va mehnat tamoyillarini chuqur o‘rganish, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ularni global mehnat bozoriga tayyorlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
Talabalar Yaponiyaning ilg‘or xizmat ko‘rsatish sektori tajribasini o‘zlashtirish orqali zamonaviy kasb ko‘nikmalarini egalladilar, bu esa ularning mehnatga layoqatliligini oshirib, o‘z yurtimizda ham raqobatbardosh ishchi kuchini shakllantirishga zamin yaratadi.
Shu munosabat bilan, Yaponshunoslik fakulteti dekani E. Matchanov va fakultet dekan muovini M. Nadjimxodjayev “Reigi-Sahou” uyushmasining Tokiodagi bosh ofisiga tashrif buyurib, uyushma rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari, istiqboldagi reja va loyihalarni muhokama etdilar.
Shuningdek, universitetimiz vakillari talabalarning amaliyot o‘tayotgan mehmonxonalariga tashrif buyurib, ularning o‘quv-ish jarayonlari, yashash va mehnat sharoitlari bilan bevosita tanishdilar. Bu esa, yoshlarning xalqaro mehnat tajribasini olishlari, ularni munosib ish bilan ta’minlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
