Yaponiyaning Toyo universiteti vakillari TDSHUda
2024-yil 9-avgust kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga (TDSHU) Yaponiyaning nufuzli Toyo universiteti professori Hirahata Nami va universitetning ma’muriy xodimi Maehara Seiko tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda TDSHU talabalari uchun Yaponiyada stajirovkalarni tashkil etish kabi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Toyo universiteti bilan o‘rnatilayotgan hamkorlik TDSHUning xalqaro akademik tarmog‘ini mustahkamlashga, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirishga va talabalarga global miqyosda imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu kabi tashriflar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro ishonch, uzoq muddatli strategik hamkorlik va mintaqalararo ta’lim aloqalarini chuqurlashtirishga zamin yaratadi.
