TDSHU rektorining universitet jamoasi va talabalariga MUROJAATI
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining qadrdon jamoasi!
Aziz sharqshunos-talabalar!
Bugungi dunyo taraqqiyoti o‘zining tahlikali bir pallasiga qadam qo‘ydi. Ana shu vaziyatda o‘z yoshlarini asray olgan, ularning kamolotini o‘ylagan va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan ma’rifatli millatning ertasi oydin bo‘ladi. 24- fevral kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muloqoti ana shu yo‘ldagi zalvorli qadam bo‘ldi.
Yurtboshimizning bu mulqotidagi nutqi barchamizni, ayniqsa, ta’lim sohasi vakillarini qattiq ta’sirlantirgani, haqiqat. “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, – dedi hurmatli Prezidentimiz.
Ana shu yoshlar ichida bizining yetti minga yaqin sharqunos-talabalarimiz ham borligini unutmasligimiz kerak. Ularning kelajagiga mas’ullikni bo‘ynimizga olib, jamoa bilan birgalikda muhim vazifalarni anglagan holda to‘la-to‘kis bajarmog‘imiz lozim.
Davlatimiz rahbari uchrashuvda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Berilgan imkoniyatlar yoshlarimizning orzulariga qanot beradi, ularning yuksak parvozini ta’minlaydi.
Ayniqsa, bu borada haftaning payshanbasini tashkilot, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilingani, ularning muammolari yechimi bo‘yicha muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yilgani ayricha ahamiyatga ega. Bundan keyin universitetimizda ham har bir talaba bilan chin ko‘ngildan ochiq gaplashib, muammolariga yechim izlab, hozirgidan-da ko‘proq vaqt ajratishimiz va ular bilan muloqotlarimizni yanada ko‘paytirishimiz shart.
- Yoshlarning o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ ajratilgani, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 millionga oshirilgani, yosh ishbilarmonlarning loyihalari uchun kreditni 10 milliard so‘mga ko‘paytirilgani, innovasion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investisiya kiritilishi mumkinligi, “Kelajak tadbirkori” dasturining yo‘lga qo‘yilishi va uning doirasida 7 yilga 15 foizli kreditlar berilishi, 5 ta bitiruvchini ishga olgan tadbirkorga esa 10 milliard so‘mgacha kredit ajratilishi singari tashabbuslar universitetimizning yosh ishbilarmonlari hamda bitiruvchilari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi, tayin. Ushbu qo‘llab-quvvatlov natijasida, qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, oliy o‘quv yurtimizni tugatgan birorta ham talaba ish bilan ta’minlanmasdan qolmaydi.
- Bundan tashqari, “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali talabalarga stajirovka uchun oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanishi, “O‘sish va rivojlanish” startap loyihasidagi eng yaxshi 40 ta loyihaga 2 milliard so‘m ajratilishi, har yili 20 ming yoshni kelajak kasblariga o‘qitilishi, yoshlar ishlari agentligi qoshida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi ochilib, unga har yili budjetdan 62 milliard so‘m ajratilishi va yoshlarning eng yaxshi volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant berilishi talabalarimizni yanada ilhomlantirdi. Tez kunda universitetimizda talabalar tadbirkorligi va startaplar yo‘nalishida yoshlarning innovasion g‘oyalarini moliyalashtirish va startap loyihalariga venchur sarmoyalarini jalb qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.
- Yana bir muhim jihat, “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga ijod uchun oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lanishi, eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot topshirilishi bilan bog’liq imkoniyatlar bu yo‘nalishdagi ishlarimizni qayta ko‘rib chiqish zarurati borligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun universitetimizning byudjetdapn tashqari mablag‘lari hisobidan sharq tillaridagi eng sara adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyot durdonalarini xorijiy sharq tillariga tarjima qilish va chop etish xarajatlarining yarmini qoplab berish belgilandi. Sharqshunos olimlar va iqtidorli talabalarga bu borada aniq ijodiy buyurtmalar beriladi.
Umuman, qutlug‘ zaminmiz, mamlakatni boshqarishdagi bobolardan qolgan adolatli yondashuv, har bir masalaga bilim bilan yechim topish va davlatimizning ko‘pqirrali siyosati markazida yoshlar manfaatining doimiy e’tiborda turishi uchinchi renessans poydevorini O‘zbekiston yoshlari qurishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Xalq donoligida aytilganidek: “dam bu damdir, o‘zga damni dam dema”, ya’ni bu dam siz aziz yoshlarga imkoniyatlar eshigi keng ochilgan damdir!
O‘qing! Izlaning! G‘alaba qozoning! Dunyoni zabt eting!
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori
Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna