Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

KOREYA RESPUBLIKASINING SEUL UNIVERSITETI TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI KOREYASHUNOSLIK FAKULTETIGA 1700 TA O‘QUV ADABIYOTLARI TAQDIM ETDI

11.08.2018, 11:39 Yangiliklar 3579

Bugungi kunda Koreya Respublikasi O‘zbekistonning muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik fan, ta’lim, madaniyat sohalarida ham mustahkamlanib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining alohida o‘rni bo‘lib, institut koreys tili va adabiyoti, Koreya iqtisodiyoti, tarixi va siyosati bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni yetkazib beruvchi mamlakatimizdagi yagona oliy ta’lim muassasasi sanaladi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Koreyashunoslik fakultetining ochilishi esa, O‘zbekiston va Koreya Respublikasining fan, ta’lim va madaniyat sohasidagi o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
2018-yilning 10-avgust kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yong U hamda Seul universiteti markaziy kutubxonasi direktori So I Djong boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Toshkent davlat sharqshunoslik institutida ochilgan Koreyashunoslik fakultetiga Seul universitetidan olib kelingan o‘quv adabiyotlarini taqdim etish hisoblanadi. Uchrashuv avvalida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori, professor Abdurahim Mannonov mehmonlarga tashrif uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan holda, delegatsiya a’zolariga institut tarixi va bugungi kundagi faoliyati, xususan institutda Koreyashunoslik fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Fakultetda aynan Koreyashunoslik bo‘yicha 2 nafar fan doktori, 5 nafar falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritishi va fakultetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish muhim masalalardan biri ekanligini keltirib o‘tdi. Shuningdek, institutning sobiq talabalari va hozirda tahsil olayotgan talabalarining yutuqlari haqida gapirib, institutning O‘zbekistonning nufuzli, yuqori malakali kadrlar yetkazib beruvchi ta’lim maskanlaridan biri ekanligini aytib o‘tdi. Rektor A.Mannonov Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish, innovatsion iqtisodiyotni joriy qilish tajribasi va ta’lim berish metodikalarini yanada chuqur o‘rganish muhimligi haqida gapirib o‘tdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Kvon Yong U Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Koreyashunoslik fakulteti ochilayotganligidan mamnunligi va Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yishini qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi. Janubiy Koreyaning nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Seul universiteti tomonidan 1700 ta kitobning taqdim etilishi hamkorlikning boshlashini ekanligini bildirdi.
Koreya Respublikasining Seul universiteti markaziy kutubxonasi direktori So I Djong universitet nomidan kitoblarni shaxsan taqdim etayotganligidan mamnunligi aytib, institut rahbariyatiga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. So I Djong O‘zbekistonga bundan oldin ham tashrif buyurgani va Samarqand, Buxoro viloyatlarida bo‘lib, O‘zbekiston yoshlarining xorijiy tillar, xususan koreys tilini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib xursand bo‘lganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, ayniqsa Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bilan fan, ta’lim sohasida hamkorlik qilish, almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikdagi tadbirlar, seminar va konferensiyalar o‘tkazishga tayyorligini bildirib, bu kabi tadbirlar har ikki mamlakat yoshlari, professor-o‘qituvchilari va ilm ahli uchun foydali bo‘lishini aytib o‘tdi.
Mehmonlar uchrashuvning ikkinchi qismida Toshket davlat sharqshunoslik institutining Koreyashunoslik markazida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashdilar. Seul universiteti markaziy kutubxonasi direktori So I Djong kitoblarni taqdim etilishiga doir bo‘lgan hujjatlarni Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rahbariyatiga topshirdi va uchrashuvda ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Koreya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari, xususan Seul universiteti bilan hamkorligining yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida amaliy uchrashuvlar, tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldi.

20180810_110812 20180810_113032 20180810_113115 20180810_113615 20180810_113922 20180810_114349 20180810_115617 IMG_20180810_115705