Mehmondo‘stlik industriyasida tajriba va hamkorlik: TDSHU talabalari “HORECA EXPO UZBEKISTAN 2025”da
2025-yil 21–23-oktabr kunlari Toshkent shahrida, “O‘zekspomarkaz”ning 3-pavilonida “HORECA EXPO UZBEKISTAN 2025” xalqaro ko‘rgazmasi hamda ish yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uch kunlik tadbir mehmondo‘stlik, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalarni bir joyda jamladi.
Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Turizm” kafedrasi mudiri Ch.Xusanov boshchiligida kafedra professor-o‘qituvchilari S.Tashtayeva Sh/Yazdanova F.Narzullayeva M.Nurullayeva M.Mamanov, E.Ro‘ziqulovlar “Turizm va mehmondo‘stlik” yo‘nalishining o ‘zlariga biriktirilgan barcha bosqich (1–4) talabalari va magistrantlari bilan faol ishtirok etdilar.
Ko‘rgazma davomida talabalar Hilton, Great Silk Road Samarkand, Navruz Hotel, JW Marriott, Hyatt Regency, SWISSOTEL, DOUBLETREE by Hilton, Movenpick, MERCURE, Wyndham Garden kabi nufuzli mehmonxonalarning vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ular ish va amaliyot dasturlari bo‘yicha ma’lumotlar olishdi, ish beruvchilar tomonidan taqdim etilgan anketalarni to‘ldirib suhbatlarda qatnashishdi.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan spikerlar chiqishlari, taqdimotlar va mahorat darslari talabalar uchun nihoyatda foydali bo‘ldi. Ular mehmondo‘stlik industriyasidagi zamonaviy yo‘nalishlar, xizmat sifati, kadrlar tayyorlash hamda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi bilim va tajribalarni egalladilar.
Mazkur tashrif talabalar uchun nafaqat amaliy tajriba maktabi bo‘ldi, balki ularning kelgusidagi kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash, ish beruvchilar bilan aloqalarni o‘rnatish, va mehnat bozoridagi real imkoniyatlar bilan tanishishiga ham imkoniyat yaratdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti HoReCa xalqaro ko‘rgazmasi doirasida bir qator mehmonxona sohasi vakillari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Ushbu kelishuv natijasida universitetning Turizm va mehmondo‘tlk ta’lim yo‘nalishi amaliyot bazasi yanada kengaydi va unga bir nechta 5 yulduzli mehmonxonalar qo‘shildi. Mazkur hamkorlik talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, turizm va mehmondo‘stlik sohasida amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



