Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 /

Mingboshi Ceramic: Rishton sopolchilik an’analarining zamonaviy davomchisi

24.05.2025, 11:17 Yangiliklar 456

Joriy yilning 22-may kuni TDSHU turizm ishchi guruhi a’zolari Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida joylashgan mashhur “Mingboshi Ceramic” oilaviy korxonasiga tashrif buyurdi.

Ushbu oilaviy korxona Rishton tumanida o‘zining milliy uslubga sodiqligi, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kulolchilik sir-asrorlarini saqlaganligi bilan alohida ajralib turadi.

Tashrif davomida ishchi guruh a’zolari korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, xomashyo tayyorlashdan tortib, pishirish va bezak berish bosqichlarigacha bo‘lgan jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. Ustoz hunarmandlar mehmonlarga keramika mahsulotlarini yasash texnologiyasini amaliy tarzda namoyish etdilar. Ishtirokchilar o‘z qo‘llari bilan gilni shakllantirib, hunarmandlikning nozik jihatlariga guvoh bo‘lishdi.

15

Tashrif davomida “Mingboshi Ceramic” rahbariyati bilan turizm va hunarmandchilikni uyg‘unlashtirish, mahalliy va xalqaro turistlar uchun kulolchilik bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, talabalar uchun amaliyot va tadqiqot dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

Mazkur tashrif TDSHU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun nafaqat amaliy tajriba maktabi, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi. Ishchi guruh a’zolari bu kabi tashriflar orqali turizmni mahalliy hunarmandchilik bilan integratsiyalash, ekologik va madaniy turizmni rivojlantirish yo‘llarini o‘rganishda va mazkur ma’lumotlarni sharq tillariga tarjima qilib, targʻibotini sharq mamlakatlariga yetkazib berishda davom etadilar.