“Nizomiydan Navoiygacha bo’lgan ma’naviyat ko’priklari” nomli Xalqaro ilmiy-konferensiya
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Yevroosiyo mintaqaviy markazi yoshlar forumi hamkorligida, joriy yilning 5-noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Nizomiydan Navoiygacha bo’lgan ma’naviyat ko’priklari” nomli Xalqaro ilmiy-konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Yevroosiyo mintaqaviy markazi yoshlar forumining rahbariyati, Ozarbayjonning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Guseyn Guliyev, diplomatik missiya xodimlari, Ozarbayjon milliy fanlar akademiyasi qoshidagi Qo’lyozma instituti direktori, akademik Teymur Karimli boshchiligidagi olimlar, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o’qituvchi va talabalari ishtirok etdilar.
Konferensiya Nizomiy Ganjaviyning 880 yilligi va Alisher Navoiyning 580 yilligi munosabati bilan Ozarbayjon va O’zbekistonning buyuk o’rta asr shoir, mutafakkirlarining insonparvarlik g’oyalari, ularning aloqalari va zamon bilan hamnafasligiga bag‘ishlab o‘tkazildi.
Konferensiya doirasida, yaqinda Boku shahrida Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Yevroosiyo mintaqaviy markazi yoshlar forumi tomonidan nashr qilingan «Contributions of the Eurasian Nations to Islamic Culture» (Yevroosiyo xalqlarining Islom madaniyatiga qo’shgan hissasi) nomli kitob taqdimoti bo’lib o’tdi. Kitobning bir bobi “O’zbekiston – Movarounnahr Islom madaniyatining marvaridi” deb nomlangan bo’lib, uning muallifi-TDSHU professori Shuhrat Yovqochevdir.