Ishonch telefoni / Call center
+998 71 233 34 24 / +998 71 233 34 28

  • UZRUEN
  • uzbekistan flag uzbekistan emblem

“OʻZBEKISTON VA XITOY: HAMKORLIKNING YANGI ISTIQBOLLARI”

25.11.2020, 20:33 Yangiliklar 4242

 

Buyuk ipak yoʻli birlashtirgan ikki mamlakat Oʻzbekiston va Xitoy aloqalari uzoq asrlarga borib taqaladi. Oʻrta Osiyo hamda qadimgi Chin yurti o‘rtasidagi savdo va madaniy aloqalar paxta, qog‘oz, ipak va boshqa mahsulotlarning butun dunyoga tarqalishida muhim oʻrin tutgan.

Oʻzbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, oʻzaro doʻstlik asosiga qurilgan munosabatlar yanada mustahkamlandi. 1992 – yil 2 – yanvarda o‘rnatilgan diplomatik aloqalar oʻzbek-xitoy munosabatlarida hamda Oʻzbekistonda xitoyshunoslikning rivojlanishida tub burilish yasadi.

Shu yillarda Oʻzbekistonda xitoyshunoslikning turli yoʻnalishlarida 20 dan ortiq dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi, yaqin kelajakda TDSHU ning yana 10 nafar doktorantlari xitoy filologiyasi, adabiyoti, tarixi sohasidagi tadqiqotlarini yakunlashlari kutilmoqda.

TDSHU da xitoyshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro respublika ilmiy- amaliy konferensiyalari, seminarlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Hatto koronavirus pandemiyasi ham Oʻzbekistonda xitoyshunoslik rivojlanishiga to‘sqinlik qila olmadi. Universitetda onlayn ma’ruza, ilmiy seminar, oʻqituvchilarning tajriba almashish jarayonlari davom etmoqda.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlardan biri, kuni kecha TDSHU da Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta maxsus ta’lim vazirligi , Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti , TDSHU huzuridagi Oʻzbek – Xitoy Konfutsiy instituti hamda Lanchjou universiteti hamkorligida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston – Xitoy: tarixiy – madaniy, ilmiy va iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadir. Ilk marotaba 2004 – yil f.f.n. dotsent, Akromjon Karimov tashabbusi bilan o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya 2017-yildan beri xalqaro maqomga ega bo‘ldi, bu yil 17-martta o‘tkazilib 114 ta ishtirokchidan iborat bo‘ldi.

Konferensiya avvalida Oliy va Oʻrta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Absoatov Yusuf Kadirovich, TDSHU rektori Rixsiyeva Gulchehra, Oʻzbek-Xitoy Konfutsiy instituti direktori Yan Taybao kirish nutqi soʻzlab, barcha ishtirokchilarni xalqaro konferensiyada qatnashayotganlari bilan qutladilar. Soʻngra O‘zbekiston, (tarix fanlari doktori Axat Xodjaev) Turkiya (falsafa fanlari doktori Aksoy Gulusya), Ozarbayjon, (filologiya fanlari doktori Alizade Lala) Rossiya, (filologiya fanlari nomzodi Varapaev N.N) Qozog‘iston davlatlaridan ishtirok etayotgan professor o‘qituvchilar oʻz mavzulari doirasida chiqish qildilar.

Dastur “Lingvistika hamda innovatsion oʻqitish metodlari”, “Tarix, falsafa va madaniyat”, “Tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik va manbashunoslik”, “Iqtisodiy sohadagi munosabatlarning yangi istiqbollari” kabi 4 boʻlimdan iborat boʻlib, har bir boʻlimda mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, birinchi bo‘limda Xitoyning shimoliy g‘arbiy milliy universiteti professori Adalaiti Gyuzainur, ikkinchi bo‘limda tarix fanlari doktori Isxakov Mirsodiq hamda 3- boʻlimda Shanxay chet tillari universiteti vakillari Yang Mingtyan hamda Si Tsin tsin chiqish qildilar. “Multimodal nuqtai nazaridan kino va televizion matn tushunchasi va uning muhim xususiyatlari” mavzusida qilingan ma’ruzalar alohida muhokamalarga sabab boʻldi. Qozon federal universiteti vakili iqtisod fanlari nomzodi Alikberova Alfiyaning “Xitoy iqtisodiyoti va jamiyatining raqamlashtirish” mavzusidagi ma’ruzasi yuqori e’tibor bilan qarshi olindi. Toʻrtinchi boʻlimda soʻzga chiqqan, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Sadikova Bibisoraning “Xitoy Xalq Respublikasining moliya sohasidagi muammolari” mavzusidagi ma’ruzasini ham qatnashuvchilar diqqat bilan tinglab , oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Konferensiyada jami 114 ta ishtirokchi bo‘lib, ulardan 28 tasi professorlar yana 28 tasi doktorantlar 20 ta dotsentlar 42 ta chet ellik ishtirokchilar (ulardan 18 tasi XXR , bittasi Ozarbayjon , uchta Turkiya, ikkita Tojikiston , 12 ta Qozog‘iston , 3 ta Rossiya, 3 ta Qirg‘iziston davlatlaridan qatnashdilar. Konferensiya materiallari to‘planib 1-tomi 708 bet, 2- tomi 157 bet boʻlgan ikki tomli kitob shakliga keltirildi . Birgina shu raqamlardan ham bu konferensiyaning yuqori saviyada o‘tganini bilib olishimiz mumkin.

Dastur soʻnggida TDSHU rektori Rixsiyeva Gulchehra Shavkatovna yakuniy nutq so‘zlab, barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi va kelajakdagi ilmiy ish hamda izlanishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Aytishimiz mumkinki, oʻtkazilayotgan bu turdagi konferensiya, ilmiy seminarlar ikki tomonlama fikr almashish, xitoyshunoslik va iqtisoddagi muammoli masalalarni hal qilishda muhim omil hisoblanadi hamda yosh tadqiqotchilar uchun tajriba bo‘lib xizmat qiladi. Bularning barchasi nafaqat mutaxassislar balki talabalar oʻrtasida ham Xitoy madaniyati, tarixi, iqtisodiyotiga boʻlgan qiziqishni kuchaytiradi, eng asosiysi, universitetlar keyin esa mamlakatlar oʻrtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlaydi.

TDSHU Xitoy filologiyasi kafedrasi

photo_2020-12-16_20-35-08 photo_2020-12-16_20-35-06photo_2020-12-16_20-35-05photo_2020-12-16_20-35-09photo_2020-12-16_20-35-07 photo_2020-12-16_20-35-04