Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi BAYONOTI
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi jamoatchilik tomonidan pandemiya sharoitida oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish narxlarini optimallashtirish borasida bildirilgan ko‘plab murojaatlarni hisobga olib, ularni ijobiy hal qilish maqsadida Moliya vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarida mavjud barcha resurslarni safarbar etish hisobiga qator takliflarni ishlab chiqdi.
Pandemiya sharoitida aholining to‘lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, bugungi kunda belgilangan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘qitishning minimal xarajatlarini qoplay olmayotganligiga qaramasdan, farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi 2020/2021 o‘quv yilida amaldagi bazaviy to‘lov-kontrakt miqdori uchun kunduzgi shaklda o‘qiydigan barcha talabalarga 10 foiz chegirma beriladi.
Talabalarni qo‘llab-quvvatlash ushbu chegirma bilan to‘xtab qolmaydi.
Shu bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalari tomonidan yetim, chin yetim, nogiron bo‘lgan talabalarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar” ro‘yxatidagi oilalar farzandlari bo‘lgan talabalarga kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun manzilli moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bunda oliy ta’lim muassasalari mavjud mablag‘lari hisobidan talabalarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, 4,0 mln. so‘mgacha moliyaviy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qiyotgan 4 ming nafardan ziyod talabaga shartnoma miqdorining 35 foizini to‘lash orqali moddiy yordam ko‘rsatiladi. Ushbu moddiy yordam bir talabaga bir yilda 2,4 mln.so‘mdan 3,4 mln.so‘mgacha miqdorni tashkil etadi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish (o‘zining, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovlarga yo‘naltiriladigan, soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘idan ozod qilingan bo‘lib, bunda bir nafar talaba uchun kontrakt to‘lagan oilaga bir yilda 770 ming so‘mdan 1 mln. 177 ming so‘mgacha mablag‘ daromad solig‘idan imtiyoz shaklida qaytadi.
To‘lov-shartnoma asosida o‘qiydigan talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda beriladigan chegirmalar hisobiga davlat budjetiga ortiqcha yuk tushmasligi uchun oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga tegishli xarajatlar normativlari qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularda qo‘shimcha ta’lim xizmatlarni ko‘rsatish hisobiga budjetdan tashqari mablag‘larni jalb qilish orqali chegirma xarajatlarini qoplash choralari ko‘riladi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan sohada olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar, avvalo, talaba-yoshlarga zamonaviy ilmlarni egallashlari uchun qulay shart-sharoit va ijodiy muhitni yaratish hamda sifatli ta’limni ta’minlab berishga qaratilgan. Shunday ekan, vazirlik talbalarni har qanday sharoitda ham asosiy maqsaddan chalg‘imaslik va o‘z sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish uchun tinimsiz izlanishdan to‘xtamaslikka chaqiradi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati