O‘zbekiston – mustaqil vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!
Kuni kecha Toshkent davlat sharqshunoslik institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 25 yil to‘lganligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “O‘ZBEKISTON – MUSTAQIL VATANIMIZ, MILLIY ARMIYAMIZ FAXRU G‘URURIMIZ!” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi. Bayram tadbiriga tashrif buyurgan elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, taniqli teatr aktyorlari, jumladan, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlaridan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarashova, Sharofiddin Muzropovlar tomonidan bildirilgan bayram tabrigi, iste’dodli xonandalar Sherzodbek, Sanjar Xaliqov, Jasur Mavlonov, Yulduz Nizomova, Bahriddin Zuxriddinovlar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi. Shuningdek, tadbir davomida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining Harbiy orkestori tomonidan ijro etilgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Institut talabalari ham bayramga monand o‘zlari tayyorlagan sahna chiqishlarini namoyish etdilar. Ona Vatanimizni tarannum etuvchi she’rlar o‘qidilar. Bayram ko‘taringki kayfiyatda bo‘lib, barchada katta taassurot qoldirdi.